26-oktabr, shanba kuni tunda Suriyaning Idlib viloyatida o‘tkazilgan operatsiya vaqtida o‘lgan IShID rahnamosi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning jasadi qoldiqlari Iroqqa olib kelindi. Bu haqda Al Sumaria telekanali o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi, deb yozgan “TASS”.

Foto: AP

Al-Bag‘dodiyning jasadi bo‘laklari Anbar viloyatidagi AQSh harbiylari joylashtirilgan Ayn al-Asad harbiy bazasiga olib kelingan. Xabarga ko‘ra, IShID yetakchisi Iroq hududiga dafn qilinishi mumkin. Avval operatsiya vaqtida o‘zini-o‘zi portlatib yuborgan Bag‘dodiyning tanasi bo‘laklari dengizga oqizilishi xabar qilingan.

27-oktabr, yakshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Ben Laden o‘limidan keyin dunyoda birinchi raqamli terrorchi bo‘lib turgan Al-Bag‘dodiyning Suriyaning Idlib viloyatidagi operatsiya vaqtida yo‘q qilinganini e’lon qilgan. Tramp Rossiya, Iroq, Suriya, Turkiya va kurdlarga operatsiyani amalga oshirishda berilgan yordamlar uchun minnatdorchilik bildirgan. Biroq Rossiya mudofaa vazirligi Bag‘dodiyning o‘lganini isbotlovchi ishonchli dalillar yo‘q ekanligini ma’lum qilgan.

IShID rahnamosi Al-Bag‘dodiy o‘lganidan keyin tashkilot rahbarligiga uning ikki yordamchisi Abu Abdul Rahmon al-Jezrauiy hamda Abu Usmon al-Faransiy da’vogar hisoblangan, keyinchalik yangi rahnamo iroqlik sobiq zobit Abdulla Qardosh bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Abdulla Qardosh — Saddam Husayn boshqaruvi vaqtida Iroq harbiy xizmatida ofitser bo‘lgan, sobiq harbiy. Kelib chiqishi turkman millatiga mansub Qardosh Iroqning Tal-Afar shahrida yashagan, u Al-Bag‘dodiy bilan o‘n yildan ortiq vaqt davomida birga yurgan va Bukkadagi Amerika harbiylarining asirlar lagerida ham IShID yetakchisi bilan birga jazo muddatini o‘tagan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.