Argentinadagi prezidentlik saylovida muxolifatdagi nomzod Alberto Fernandes g‘olib bo‘ldi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

Foto: AP

Alberto Fernandes 60 yoshda bo‘lib, prezidentlar Nestor Kirshner va qisman Kristina Kirshner davrida Argentina hukumatini boshqargan. 2008-yilda lavozimini tark etgan.

Siyosatchi 47, 29 foiz ovoz olgani ma’lum bo‘ldi. Bu birinchi turda g‘alaba qozonish uchun yetarli hisoblanadi. Argentinaning amaldagi prezidenti Maurisio Makri esa 41, 30 foiz ovoz to‘pladi.

Uchinchi o‘rinni 6,14 foiz natija bilan sobiq iqtisodiyot vaziri Roberto Lavanya egallagan.

Makri saylov natijalarini tan olishini bildirgan va Fernandesni qutlab, uni suhbatga taklif etgan.

Ma’lumot uchun, Argentinadagi prezidentlik saylovi 27-oktabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tdi. Unda jami 6 kishi davlat rahbari lavozimi uchun kurashdi.