IShID terroristik tashkilotining rahnamosi Abu Bakr al-Bag‘dodiy yashiringan joyni aniqlashda uning asosiy yordamchilaridan biri bergan ma’lumotlardan foydalanilgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Daily Star

Xabarga ko‘ra, Ismoil al-Itaviy al-Bag‘dodiyning beshta asosiy yordmachisidan biri bo‘lgan. U 2006-yilda “Al-Qoida” a’zosiga aylangan, 2008-yilda AQSh harbiylari tomonidan qo‘lga olingan va to‘rt yil qamoqda saqlangan. Qamoqdan chiqqanidan keyin Bag‘dodiy tomonidan al-Itaviyga IShID jangarilarining boshliqlarini tayinlash huquqi berilgan.

AQSh, Turkiya va Iroq maxfiy xizmatlari shu yili o‘tkazgan qo‘shma operatsiyada IShIDning bir nechta a’zosi, jumladan to‘rt nafar iroqlik va suriyalik terrorchilar qo‘lga olingan. Ular al-Bag‘dodiy bilan Suriyaning qaysi qismida uchrashganligi haqida axborot bergan, shundan so‘ng Markaziy razvedka boshqarmasi u yerga o‘z kuchlarini tashlagan.

Harakatlar natijasida 2019-yil o‘rtasida al-Bag‘dodiy o‘z oilasi va eng yaqin uch yordamchisi bilan Idlibdagi bir qishloqdan boshqasiga ko‘chib o‘tayotgani aniqlangan. So‘ngra razvedka idoralari xodimlari Idlib bozorida iroqlik begona shaxsni payqab, uning al-Itaviy ekanligini aniqlagan. Itaviyni kuzatib yurish natijasida Bag‘dodiy yashiringan makon qayerda ekanligi aniqlangan.

To‘plangan ma’lumotlar MRBga taqdim qilingach, boshqarma xodimlari sun’iy yo‘ldosh hamda dronlar yordamida mahalliy hududni besh oy davomida o‘rgangan.

Bag‘dodiy bir qishloqdan boshqasiga ko‘chib o‘tganidan ikki kun o‘tgach uni yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiya boshlangan.

Bag‘dodiyni yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya amalga oshirilgan hudud
Foto: The Sun

IShID rahnamosi Abu Bakr al-Bag‘dodiy Idlib viloyatidagi AQSh harbiylari boshchiligida o‘tkazilgan maxsus operatsiyasida yo‘q qilingach uning rahbarlik kursisi Abdulla Qardoshga o‘tishi taxmin qilinmoqda. Newsweek jurnali bergan ma’lumotga ko‘ra, al-Bag‘dodiy avgust oyida Qardoshni tashkilotdagi yuqori rahbarlik lavozimiga tayinlagan.

Jurnalning maxfiy manbasi bergan axborot bo‘yicha Bag‘dodiy so‘nggi vaqtlarda terroristik tashkilotga rahbarlik ishlaridan uzoqlashgan va Qardosh uning valiahdi bo‘lishi taxmin qilina boshlangan. Newsweek’ning yozishicha, al-Bag‘dodiy nominal yetakchi bo‘lgan, lekin harbiy harakatlar va operatsiyalarda ishtirok etmagan. U asosan qisqa javoblar bergan ya’ni ha yoki yo‘q deb ishga o‘z ruxsatini berib turgan. Operatsiyalarni rejalashtirish bilan shug‘ullanmagan.

Avval Bag‘dodiyning ikki nafar yordamchisi Abu Abdul Rahmon al-Jezuraiy va Abu Usmon al-Faransiy IShIDning yangi rahnamosi bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan.

AQSh prezidentining millliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Robert O’Brayan al-Bag‘dodiyning murdasi qoldiqlari ham Usama Ben Laden jasadi kabi dengizga oqizilishi mumkinligini ma’lum qildi, deb xabar berdi CNN. “Al-Qoida” terroristik tashkiloti yetakchisi bo‘lgan Ben Laden 2011-yil 2-mayda Pokistonda o‘ldirilgan va uning jasadi Arab dengiziga tashlab yuborilgandi.

26-oktabrda AQSh harbiylari 26-oktabr kuni Suriyada IShID terroristik tashkiloti yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga qarshi maxsus operatsiya o‘tkazilgani va terrorchining dushman qo‘liga tushmaslik uchun o‘zini-o‘z portlatib yuborgani xabar qilingan, keyinchalik AQSh prezidenti Donald Tramp Iroq, Suriya, Amerika, Rossiya, Turkiya va kurdlarga operatsiyadagi hamkorlik uchun minnatdorlik bildirgan va Bag‘dodiyning “itdek o‘lim topgani”ni qayd etib, ma’lumotni rasman tasdiqlagandi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.