Fransiyaning Kale porti bojxonachilari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv chog‘ida yuk mashinasi sovutgichidan 8 nafar noqonuniy muhojir, jumladan, 4 nafar bola topildi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.

Foto: EPA

Tekshiruv fura Buyuk Britaniyaga jo‘nayotgan paromga chiqarilishidan oldin o‘tkazilgan.

Qutqaruv xizmati xabar berishicha, noqonuniy muhojirlarning hammasi tirik, ammo sovuqdan aziyat chekishgan. Sovutgich kamerasidagi harorat -7 daraja atrofida bo‘lgan. Ularga birinchi yordam ko‘rsatildi.

Xabarda aytilishicha, muhojirlar afg‘onistonlik bo‘lgan. Yuk mashinasi haydovchisi bo‘lgan ikki nafar Ruminiya fuqarosi qo‘lga olindi.