26-oktabr kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov hukumat a’zolari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Foto: Sputnik

Yig‘ilishda neft-gaz sohasiga mas’ul bo‘lgan bosh vazir o‘rinbosari Miratgeldi Meredov Turkmaniston hududidagi TAPI gaz quvurining qurilish ishlarining borishi haqida hisobot bergan.

Berdimuhammedov Meredovga ushbu loyihaning muhim ekanligini ta’kidlab, TAPIni Turkmaniston va boshqa davlatlar hududidagi qurilishini nazoratga olib ishga jiddiy yondashishni buyurgan.

Turkmaniston prezidenti bosh vazir o‘rinbosariga lavozim majburiyatlarini yetarli darajada ta’minlamagani, ishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sabab qattiq hayfsan bergan va bu so‘nggi ogohlantirish ekanligini ta’kidlagan. Meredovning aynan qaysi kamchilik sabab ogohlantirilgani noma’lum.

Gurbanguli Berdimuhammedov 1-oktabrda sohada juda ko‘p kamchiliklar hamda korrupsiya holatlari kuzatilganligi tufayli mamlakat ichki ishlar vaziri Iskandar Mulikovni ishdan olgan. 2-oktabrda esa xavfsizlik kengashi yig‘ilishida “Turkman otlari” (“Türkmen atlary”) davlat birlashmasi faoliyatini tanqid qilib, ushbu tashkilot rahbarini ham ishdan bo‘shatgani xabar qilingan.

TAPI loyihasi so‘nggi vaqtlarda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda:

7-oktabrda Afg‘oniston iqtisodiyot vaziri TAPI loyihasini amalga oshirish uchun 9-12 milliard AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ kerakligini qayd etgan. Vazir ushbu mablag‘ni topish mas’uliyatini olgan Turkmaniston iqtisodiy muammolar sabab ushbu fikridan qaytganini ta’kidladi.

9-oktabrda Hindiston hukumati agar turkmanlar ming kubometrga 350 ming dollar gaz narxini ming kubometr uchun 140 ming dollar tushirmasa, TAPI loyihasida ishtirok etishdan bosh tortishini bildirgan. 10-oktabrda O‘zbekiston Energetika vazirligida elektr energetikasi, neft-gaz va yoqilg‘i-energetika majmuasi (YoEM)ning boshqa sohalari bo‘yicha O‘zbekiston—Hindiston hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama etilgan.

16-oktabrda Pokiston vakillari turkman gazi uchun narxlarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi va Turkmanistonning gaz quvurining Afg‘onistondagi qismida teraktlar sabab uzilishlar sodir bo‘lsa yo‘qotishlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni talab qildi.

21-oktabrda afg‘on amaldorlaridan biri Afg‘onistonda gaz quvurini qo‘riqlash bilan shug‘ullanuvchi hukumatning maxsus harbiy guruhlari tashkil qilinishini bildirgan.