Niderlandiyada mualliflik huquqi egalarining iltimosiga ko‘ra, Rossiyadagi 80 foiz litsenziyasiz filmlarni namoyish etadigan saytlar foydalanib kelgan Moonwalk pleyerining serverlari o‘chirib qo‘yildi, deb xabar beradi “Kod.ru”.

Foto: “Kod.ru”

18-oktabr kuni Niderlandiyada mualliflik huquqini himoya qilish fondi (BREIN) sayti Moonwalk pleyeri serverlari o‘chirib qo‘yilishini ma’lum qilgandi. Kiberxavfsizlik sohasidagi Group-IB tadqiqot kompaniyasi bu boradagi ishlarni 2013-yilda boshlagan. Tashkilot servisni yopish uchun sud ijrochilari, “Ijodkorlik va ko‘ngilochar alyans” (ACE) hamda “Amerika kinokompaniyalar assotsiatsiyalari” (MPAA) bilan hamkorlikda ish olib borgan.

Yevropa va Amerika mualliflik huquqi egalari nafaqat serverlarni o‘chirishga, balki dalillarni qo‘lga kiritish, shuningdek, Moonwalk’ka aloqador uchta niderland va ikkita xorijiy yuridik shaxs ma’lumotlarini topshirilishiga muvaffaq bo‘lgan. Buning oqibatida rus tilida faoliyat yurituvchi “qaroqchi” saytlarning asosiy kontenti yo‘qolib qolgan.

Ma’lum qilinishicha, birinchi navbatda KinoGo, HDrezka, Onvix, “GidOnlayn”, “BasKino” va boshqa bir qator saytlar muammoga duch kelgan. Mazkur servislar aksariyat hollarda yagona yuklashni muvofiqlashtirish tizimi bilan ishlagan. Buning uchun saytga kodlarni joylashtirish kerak bo‘lgan xalos.

BREIN’ning ta’kidlashicha, shunga qaramay Moonwalk serverlarida 26 mingdan ortiq filmlar va 10 mingga yaqin seriallar qolmoqda — serverlar o‘chirilishidan bir oy oldin Moonwalk o‘z kutubxonasida 2,5 mingga yaqin kontent yig‘ishga ulgurgan. Har ming marotaba ko‘rilgan video uchun pleyer 0,6 dollar to‘lagan. Pleyer egalari ushbu pullarni reklamalar, asosan, noqonuniy onlayn-kazinolar orqali olib turgan.

Mualliflik huquqi egalarining ma’lumotlariga ko‘ra, Moonwalk’dagi 50 ta eng mashhur servisga har oy 89,9 million foydalanuvchi 395 million marotaba kirib turgan.