Eron axborot texnologiyalari va aloqa vaziri Muhammad Javod Azariy-Jahromiy AQSh prezidenti Donald Trampning IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning o‘ldirilgani haqidagi quvonchli murojaatiga munosabatini bildirdi va Amerika yetakchisining xursandchiligi ortida yolg‘on yashiringanligini qayd etdi. Bu haqda “Iran.ru” xabar berdi.

Foto: AFP

“Voajab! Siz shunchaki o‘zingiz yaratgan muammoni yo‘q qildingiz”, — deb yozgan Jahromiy Twitterda AQSh prezidenti Donald Trampning “Hozirgina olamshumul voqea sodir bo‘ldi!”, — degan tvitiga javoban.

“O‘tgan oqshomda Qo‘shma Shtatlar dunyodagi birinchi raqamli terrorchini jazoladi. Bag‘dodiy telba va axloqiy buzuq odam edi va endi u yo‘q”, — deya ta’kidlagan Donald Tramp.

Washington Post nashriga ko‘ra, Tramp Amerika harbiylari o‘tkazgan tungi operatsiyani jasorat namunasi ekanligini qayd etgan va otishmalar vaqtida Bag‘dodiyning yashirin tunnelga berkinib olganligini aytgan.

G‘arb nashrlarining yozishicha, Bag‘dodiy tunnel ichida o‘z tanasiga o‘rnatilgan bombani faollashtirib o‘zi va oilasini portlatgan.

Rossiya mudofaa vazirligi IShID yetakchisining tungi reyd vaqtida o‘lganligiga, AQSh harbiylarining ushbu operatsiyani o‘tkazganligiga ham shubha bilan qaramoqda. Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, Idlib viloyatidagi Bag‘dodiy joylashgan deya taxmin qilingan hududga aviazarba berilmagan.

Avval Abu Bakr al-Bag‘dodiy Suriyaning Idlib viloyatida AQSh harbiylarining havodan yo‘llagan hujumi natijasida o‘lgani, IShID rahnamosi bo‘lgan Bag‘dodiy o‘rnini uning ikki yordamchisidan biri egallashi xabar qilingan. Keyinchalik IShID sobiq rahbarining jasadi qoldiqlari dengizga oqizilishi va tashkilot rahbarligini kelib chiqishi turkman millatiga mansub iroqlik sobiq zobit Abdulla Qardosh egallashi ma’lum bo‘lgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.