Yaman janubi-sharqida noma’lum shaxslar tomonidan magistral neft quvuriga hujum uyushtirildi. Ushbu ma’lumotni Yaman hukumatining vakili ham tasdiqlagan, deb yozmoqda Sinxua.

Foto: UrduPoint

Xabarga ko‘ra, quvurdan kuniga taxminan 15 ming barrel neft o‘tkaziladi va uning asosiy ulushi eksport qilinadi.

Sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan mamlakatdagi hech qaysi jangari guruh mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan. E’tiborli jihati ushbu hududda neft quvuriga birinchi marta hujum uyushtirilayotgani yo‘q va oktabr oyining o‘zida ikkinchi marta aynan quvurning portlagan qismiga zarba berilgan.

“Al-Qoida” tashkiloti a’zolari va IShID terrorchilari Yamanning tog‘li hududlarida faol harakat qiladi va mamlakat hukumatiga qarashli obyektlarga tez-tez bu kabi hujumlarni uyushtiradi, deya yozgan agentlik.

Neft quvurini qayta tiklash, ta’mirlash ishlariga qancha vaqt sarflanishi noma’lum. Yaman hukumati ko‘p yillardan beri to‘xtab qolgan neft eksportini 2019-yil boshida tiklashga muvaffaq bo‘lgandi, shundan buyon terrorchi guruhlar yonilg‘ining ishlab chiqarilishiga turli yo‘llar bilan xalaqit qilishga urinib keladi.

Sentabrda Saudiya Arabistonidagi Saudi Aramco neft zavodlariga dronlar hujumi uyushtirilishi natijasida mamlakatda neftni ishlab chiqarish ikki baravarga qisqargandi. Hujum bo‘yicha mas’uliyatni Yamandagi xusiy jangarilari o‘z zimmasiga olgan, keyinroq AQSh hamda Saudiya Arabistoni ushbu hujumlar ortida Eron turganini bildirgan.

Keyinchalik 11-oktabrda Qizil dengizda Saudiya Arabistonining Jidda portiga yaqin hududda Eron neft tankeriga hujum uyushtirilgan va kemadagi neftning muayyan miqdori suvga oqqan. Tehron ushbu hujum ortida AQSh, Isroil va Saudiya Arabistoni turganini bildirgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.