Idlib viloyatidagi Barisha qishlog‘ida yashovchi xalq IShID yetakchisi Abu Bakr Al-Bag‘dodiyni terrorchilar rahbari ekanligini bilmagan va uni ipak hamda matolar savdosi bilan shug‘ullanadigan katta tadbirkor deb hisoblagan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Medyascope

Mahalliy aholi vakillari terroristik tashkilot rahbarining Barisha qishlog‘idan 500 metr uzoqlikda beton devorlar bilan o‘ralgan katta uyda yashovchi savdogar deb hisoblagan.

“U yerda katta uy bor edi, unda matolar savdosi bilan shug‘ullanuvchi Abu Muhammad Halabiy ismli savdogar yashardi”, — deya intervyu bergan mahalliy aholi vakili Abu Ahmad Barisha. Uning so‘zlariga ko‘ra, al-Bag‘dodiyning qo‘shnilari uni xorijlik muhojir deb hisoblagan.

Foto: Chicago Tribune

Shuningdek, Abu Ahmad Barisha AQSh harbiylarining 27-oktabrda kunduz vaqtida qishloqqa kelgani, IShID yetakchisiga qarshi operatsiya taxminan to‘rt soat davom etgani va qishloqdagi ko‘plab uylarga ziyon-zahmat yetganligini bildirgan. Bag‘dodiy yashagan uy dronlar hujumi natijasida vayron qilingan.

Al-Bag‘dodiy — haqiqiy ismi-sharifi Ibrohim Avad Ibrohim al-Badriy 2014-yildan beri IShID terrorchilarining rahnamosi hisoblanadi va shu yili Mosulda egallab olingan masjidda Yaqin Sharq hududida islom halifaligi tashkil qilinganini e’lon qilgan.

Abu Bakr al-Bag‘dodiy Suriyaning Idlib viloyatida AQSh harbiylarining havodan yo‘llagan hujumi natijasida o‘lgani,  IShID rahnamosi bo‘lgan Bag‘dodiy o‘rnini uning ikki yordamchisidan biri egallashi xabar qilingan. AQSh prezidenti Donald Tramp Iroq, Suriya, Amerika, Rossiya, Turkiya va kurdlarga operatsiyadagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan va Bag‘dodiyning “itdek o‘lim topgani”ni qayd etib, ma’lumotni rasman tasdiqlagan. IShID sobiq rahbarining jasadi qoldiqlari dengizga oqizilishi va tashkilot rahbarligini kelib chiqishi turkman millatiga mansub iroqlik sobiq zobit Abdulla Qardosh egallashi ma’lum bo‘lgan.  26-oktabr, shanba kuni tunda Suriyaning Idlib viloyatida o‘tkazilgan operatsiya vaqtida o‘lgan IShID rahnamosi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning jasadi qoldiqlari Iroqqa olib kelingan.