Germaniya aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etganlarning 58 foizi Anqaraning “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi sabab Turkiyani NATOdan chetlatishni yoqlab chiqdi, 18 foiz odamlar esa bu qarorga qarshi ekanligini bildirib ovoz berdi. So‘rovlar YouGov ijtimoiy so‘rov instituti tomonidan o‘tkazildi, deb yozmoqda “TASS”.

Foto: EPA

Respondentlarning 61 foizi Anqaraga nisbatan moliyaviy sanksiyalarning qo‘llanishiga, 69 foizi turklarga harbiy tovarlar eksportini to‘xtatish lozimligiga ovoz berdi.

So‘rovni buyurtma qilgan DPA agentligi 1949-yilda imzolangan Shimoliy Atlantika kelishuvida tashkilotdan qaysidir davlatni chiqarib yuborish shartlari ko‘zda tutilmaganligini qayd etgan. Shu sababli Turkiyaga nisbatan ushbu chorani amalga oshirish muammoli holat bo‘ladi. Hozirchi Germaniya federativ respublikasida ushbu chorani qo‘llash tashabbusini faqat So‘llar partiyasi vakillari ilgari surmoqda. Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas bunga qarama-qarshi o‘laroq Turkiyani NATOdagi muhim ittifoqdosh ekanligini ta’kidlagan.

So‘rovnomalarda 2033 nafar germaniyalik ishtirok etgan.

Turkiyaning Suriya shimoli-sharqidagi “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasi haqida

9-oktabrda Anqara Suriya shimoli-sharqida Turkiyadagi qochoqlar uchun xavfsiz zona tashkil etish maqsadida kurd jangarilariga qarshi “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini boshlagan.

17-oktabrda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Suriya shimoli-sharqidagi operatsiyani kurdlar xavfsiz zona hududidan chiqib ketishi uchun 120 soatga to‘xtatishni kelishib oldi.

22-oktabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turiya davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Sochida Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi va “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasini 23-oktabrdan yana 150 soatga to‘xtatish va o‘t ochmaslik haqidagi shartlashuv muddati yakuniga yetgach hamkorlikda Turkiya—Suriya chegarasida 30 kilometrlik hududni barpo etish uchun qo‘shma patrul tadbirlari o‘tkazish haqida memorandum imzoladi.