Eng ulkan fillar turiga mansub mashhur Afrika savannasi fili Mett 52 yoshida vafot etdi. “Life.ru” nashrining yozishicha, filning o‘limiga tashqi omillar sabab bo‘lmagan va biologik tarzda vafot etgan. Hayvonning jasadini brakonyerlarga qarshi kurash guruhlarining xodimlari hududni aylanayotgan vaqtida topgan va bu haqda Keniya yovvoyi tabiati boshqarmasiga xabar qilgan.

Foto: Twitter/@ste_kenya

Filning og‘irligi 6 tonna, bo‘yi 3 metrni tashkil qilardi. 2002-yilda filning harakatlarini kuzatish va uni xavflardan himoya qilish maqsadida Mettga sun’iy yo‘ldosh mayoqchasi o‘rnatilgan.

Save the Elephants tashkiloti aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra Mett hayoti davomida Keniyadagi boshqa hech bir fil yurmagan masofani bosib o‘tgan. U ko‘p bora o‘zi yashaydigan Meru milliy parki hududini tark etgan va Samburudagi boshqa uchta qo‘riqxonalarni ham sayr qilgan.

Ko‘pchilik ushbu ulkan fil BBC tomonidan tasvirga olingan Keniya hayvonot olami haqidagi “Fillarning sirli hayoti”, “Yovvoyi hayvonlar”, “Tabiat olamidagi qiziqarli sayohat” nomli hujjatli filmlar orqali tanilgan.

2017-yilda Save the Elephants tashkilotining asoschisi Ieyn Daglas-Nemilton Mettning boshqa bir ulkan fil bilan olishuvini videoga olayotgan vaqtida hayvonlarga juda yaqin kelgan va ular o‘rtasidagi jangning qurboni bo‘lishdan arang qochib qolgandi.

Avval Tailandda sharsharadan fil bolasini qutqarishga uringan olti nafar filning halok bo‘lgani, shuningdek, Zimbabveda 55 ta filning ochlik va suvsizlik sabab qurbon bo‘lgani xabar qilingan.