IShID terroristik tashkiloti o‘z rahnamosi va yetakchisi Abu Bakr Al-Bag‘dodiyning o‘lganligi haqida tarqalgan xabarlarning rostligini tasdiqladi. Ushbu ma’lumotni AFP agentligi Twitter’dagi sahifasida e’lon qildi.

Foto: AP

Amerika qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi rahbari Kennet Mekkenzi Oq uyda jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifing vaqtida IShID terrorchilik tashkiloti yetakchisi Al-Bag‘dodiyni yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya vaqtida olti nafar jangari, jumladan, to‘rt nafar ayol o‘lganligini bildirgan. Pentagon IShID yetakchisiga qarshi operatsiya videosidan parchani e’lon qilgan.

Abu Bakr Al-Bag‘dodiy Suriyaning Idlib viloyatida AQSh harbiylarining hujumi natijasida o‘lgan, aniqrog‘i maxsus qo‘shin askarlaridan tonnelga qochib berkingan, u yerda o‘zini va ikki nafar bolani portlatib yuborgan.

IShID rahnamosi bo‘lgan Bag‘dodiy o‘rnini uning yordamchilari Abu Abdul Rahmon al-Jezrauiy yoki Abu Usmon al-Faransiy egallashi taxmin qilingan. Keyinroq IShID tashkiloti rahbarligi kelib chiqishi turkman millatiga mansub iroqlik sobiq zobit Abdulla Qardoshga o‘tishi ma’lum bo‘lgan.

Bag‘dodiyning jasadi qoldiqlari bir vaqtlar “Al-Qoida” rahbari Usama Bin Laden murdasi kabi dengizga oqizilishi taxmin qilingan va Iroqdagi AQSh harbiy bazasiga olib kelingan.

Suriyaning Idlib viloyati Barisha qishlog‘ida yashovchi aholi IShID yetakchisini tanimagani va uni ipak hamda matolar sotuvchi xorijlik savdogar deb hisoblagani xabar qilingan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.