Neytron yulduzlar singari favqulodda o‘ta katta zichlikka ega obyektlarda duch kelish mumkin bo‘lgan materiya shakllari koinotdagi eng pishiq material maqomi uchun da’vo qila oladi. So‘nggi hisob-kitoblarga qaraganda, neytron yulduz materiyasi po‘latdan 10 milliard marotaba pishiqroq bo‘lar ekan.

foto: Google Photos

“Albatta, bu ishonish qiyin bo‘lgan favqulodda katta raqam, lekin haqiqatan ham neytron yulduz materiyasi shu qadar katta zichlikka egaki, unda rostdan ham bunday pishiqlikka erishish mumkin”, – deb izoh bergan Indiana universiteti fizik mutaxassisi Charlz Gorvits.

Neytron yulduzlar – yirik massali yulduzlar hayotining eng so‘nggi bosqichidir. Yulduz yadrosida mavjud bo‘lgan temir elementining hamma yonib bitgach, u qattiq portlab, elektron va protonlarni neytron va neytrino darajasigacha siqib, zichlashib boradi. Jarayonda neytrino erkin bo‘lib uchib chiqib ketadi; neytronlar esa yanada va yanada zichlashib, tobora kichik hajmni egallaydigan, diametri atigi 10–20 kilometr keladigan o‘ta favqulodda katta zichlikka ega bo‘lgan sharga jipslashib boradi. Zichlik cheksizlikka intilib borgani sari neytron yulduzning eng chuqur qa’ri markazidagi material g‘alati va g‘ayrioddiy fizik xossalarga kirib boradi. U yerda yadro favqulodda siqilib, deformatsiyalanadi va yadrolar bir-biri bilan birika boshlaydi. Bunday jarayon natijasida neytron yulduz qa’rida hosil bo‘lgan strukturalarni olimlar italyan dasturxonidagi taomlar nomi bilan atashga odatlanishgan. Masalan, ayrim neytron yulduzlarda ichki strukturalar qatlama singari qatlam-qatlam bo‘lib qoladi; buni astrofiziklar “lazanya” deyishadi (biz “qatlama” desak ham bo‘laveradi). Shuningdek, bizning o‘rama yoki xonimga o‘xshash “nyoki” yoki lag‘monga o‘xshash “spagetti” neytron yulduz yadro strukturalari yuzaga keladi. Lekin nomidan ishtahani ochadigan bo‘lgani bilan bu yadro strukturalarining massasi favqulodda katta ekani tufayli ularga hech kimning tishi o‘tmagan bo‘lardi. Boz ustiga, bu materiya koinotdagi eng pishiq materiya bo‘ladi va u har qanday odamning tishini sindiradi. Axir tasavvur qilib ko‘ring, neytron yulduz yadroviy spagettisining zichligi suv zichligidan 100 trillion marta katta bo‘ladi!

Bunday katta zichlikni Yerdagi biror laboratoriya sharoitida olishning imkoni yo‘q. Biz ularni faqat kompyuter modellashtirishi asosida tekshira olamiz xolos. Ismi yuqorida qayd etilgan olim – Gorvits hamkasbi Kaplan bilan birgalikda aynan shu ishni bajarishgan, ya’ni ular neytron yulduzning “spagetti” strukturasini kompyuterda modellashtirib ko‘rgan. Kompyuter modelida bajarilgan tajribalarga asoslanib olingan hisob-kitoblarga ishonadigan bo‘lsak, mabodo kimdadir neytron yulduzdan olingan “yadroviy spagetti” materiali bo‘lsa, bunday materialni sindirish uchun eng pishiq po‘latni sindirishga ketadigan kuchdan 10 milliard marta katta kuch kerak bo‘lar ekan.

Olimlar o‘z qa’ridagi ushbu strukturalarning harakati tufayli neytron yulduzlar muttasil ravishda gravitatsiya to‘lqinlari taratib turadi degan fikrga kelmoqdalar. Biroq ulardan taraladigan bunday gravitatsiya to‘lqinlari shu qadar sezilmas va sust bo‘lgani uchun ularni Yerdagi LIGO va Virgo detektorlari qayd qila olmas ekan. Lekin 2034-yilda orbitaga chiqarilishi rejalashtirilgan LISA kosmik rasadxonasi birinchilardan bo‘lib neytron yulduz generatsiyalagan gravitatsiya to‘lqinlarini aniqlashi mumkin.