“Bravo” jamoasi a’zosi Otabek Mirzaxolov “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalsit Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: Instagram / @otabekmirzaholov

Otabek Mirzaxolov suhbat davomida “Bravo” jamoasining ilk konsert dasturi arafasida, konsertga bir kun qolganida otasi olamdan o‘tgani, konsertga bormayman deb o‘ylagani haqida gapirib berdi.

O‘ylaymanki, o‘tgan yilgi konsert dasturidan oldin hayotimdagi eng katta va qayg‘uli imtihondan o‘tdim, desam adashmagan bo‘laman. 11-sentabrdan boshlab ‘Xalqlar do‘stligi’ san’at saroyida konsertimiz bo‘lgan bo‘lsa, 10-sentabr kuni joylari jannatda bo‘lsin, dadajonimni so‘nggi manzilga kuzatib, yerga qo‘ydik. O‘zim borib, o‘z qo‘llarim bilan qo‘ydim. Lekin, kasbimiz shunday ekan, yonimdagi ustozlarim, do‘stlarim albatta onam, ukam, singillarim dalda bo‘lishdi.

San’atkor ekanmiz, san’at va xalqni oldidagi burchimizni bajarishimiz kerakligini aytib, ustozim Jahongir Poziljonov Toshkentga olib keldi. 11-sentabr kuni ertalab Toshkentga kelganmiz, keyin tayyorgarlik qilib, jamaodagilarga shaxsan o‘zim , ‘To‘g‘ri, og‘ir ahvoldaman, lekin, hech kim hech narsani o‘ylamasin’, — deganman.

Menga judayam og‘ir bo‘lgan. Lekin, ustozlarimiz, Shukurillo Isroilov o‘zlarini boshida ham shunaqa holat bo‘lganligini aytib, dalda berib turishdi. Hozir ismlarini birma-bir sanab berolmasligim mumkin, lekin juda ko‘p san’atkor ustozlarimiz va albatta yaqin qarindoshlarim dalda berib turishgan. Bu narsani so‘z bilan gapirib berib bo‘lmaydi.

Konsert bo‘lardi-yu, lekin men borolmasam kerak degan o‘y o‘tgan. Konsertga bormayman degan fikrlar kelgan. Ustozimiz Jahongir Poziljonov onamlar bilan birga o‘rtaga olib, shaxsiy masalada suhbat bo‘lgan. Shundan keyin ustozimni o‘zlari Toshkentga olib kelganlar. Keyin, kelib xalqni oldidagi burchimizni bajarib, konsert dasturiga chiqqanman. Hech kimni boshiga bunaqa kun solmasin.

Otabek Mirzaxolov, “Bravo” jamoasining a’zosi