Amerika qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi rahbari Kennet Mekkenzi Oq uyda jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifing vaqtida IShID terrorchilik tashkiloti yetakchisi Al-Bag‘dodiyni yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya vaqtida olti nafar jangari, jumladan, to‘rt nafar ayol o‘lganligini ma’lum qildi, deb yozmoqda “TASS”.

Foto: Axios

“Operatsiya vaqtida tinch aholi vakillariga zarar yetkazmaslik,  bino ichida bo‘lgan bolalar talafot ko‘rmasligi uchun barcha choralar amalga oshirildi. Obyekt hududidagi besh nafar IShID a’zosi maxsus qo‘shin askarlariga qarshilik ko‘rsatdi, ular arab tilida aytilgan qurolni tushirish haqidagi ogohlantirishlarga ham befarq munosabatda bo‘ldi. Ular otib tashlandi, terrorchilar orasida uch nafar ayol va bir erkak bo‘lgan”, — deya ta’kidlagan general-leytenant. Shuningdek, AQSh qo‘mondoni Al-Bag‘dodiyning avval ko‘plab g‘arb nashrlari yozganidek uchta emas, balki ikki nafar bola bilan birga o‘zini portlatganini bildirdi.

“Obyektda IShIDning olti nafar terrorchisi halok bo‘ldi: to‘rt ayol va Bag‘dodiyni ham qo‘shganda ikki erkak”, — deydi Makkenzi.

Pentagon vakili operatsiya vaqtidagi maxfiy suratlar va videodan parchalar e’lon qilinishini tasdiqladi. Shuningdek, u Bag‘dodiy bilan birga halok bo‘lgan bolalar hali 12 yoshga to‘lmaganini ma’lum qildi. Makkenzi Bag‘dodiyning bombani harakatga keltirishdan oldin tunneldan otilib chiqishga uringan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. General-leytenantning so‘zlariga ko‘ra DNK tekshiruvi ham reyd vaqtida Bag‘dodiyning o‘lganligini 100 foiz tasdiqlagan.

Shuningdek AQSh mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra maxsus xizmat xodimlarining IShID yetakchisini yo‘q qilish bo‘yicha operatsiyasi vaqtida bir nechta hujjat va elektron qurilmalarni obyektdan olib kelishga muvaffaq bo‘lgan.

“Suriyadagi operatsiyada ishtirok etgan harbiylar tomonidan topilgan hujjatlar hamda elektron qurilmalar saqlab qolingan”, — deya qayd etgan Makkenzi.

Amerika qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi Suriyaning Idlib viloyatidagi IShID yetakchisi Abu Bakr Al-Bag‘dodiyni yo‘q qilishga qaratilgan operatsiya videosini Twitter’dagi sahifasiga joylashtirgan.

Unda yuqori plandan olingan kadrlarda beton devor bilan o‘ralgan uy atrofini o‘rab olgan ikki guruhning harakatlarini ko‘rish mumkin. Videoni dron yordamida tasvirga tushirilgan.

Abu Bakr Al-Bag‘dodiy Suriyaning Idlib viloyatida AQSh harbiylarining havodan yo‘llagan hujumi natijasida o‘lgani,  IShID rahnamosi bo‘lgan Bag‘dodiy o‘rnini uning ikki yordamchisidan biri egallashi xabar qilingan. AQSh prezidenti Donald Tramp Iroq, Suriya, Amerika, Rossiya, Turkiya va kurdlarga operatsiyadagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan va Bag‘dodiyning “itdek o‘lim topgani”ni qayd etib, ma’lumotni rasman tasdiqlagan.

IShID sobiq rahbarining jasadi qoldiqlari dengizga oqizilishi va tashkilot rahbarligini kelib chiqishi turkman millatiga mansub iroqlik sobiq zobit Abdulla Qardosh egallashi ma’lum bo‘lgan. Keyinchalik Suriyaning Idlib viloyatidagi Barisha qishlog‘ida yashovchi xalq IShID yetakchisini tanimagani va uni ipak hamda matolar savdosi bilan shug‘ullanadigan katta tadbirkor deb hisoblagani xabar qilingan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.