Pokistonning Panjob viloyatida temir yo‘l poyezdida yong‘in chiqishi natijasida halok bo‘lgan odamlar soni 62 nafarga yetdi. Bu haqda mahalliy politsiya bayonotiga tayanib “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: The Daily Star

Poyezd Karachi–Ravalpindi yo‘nalishi bo‘yicha qatnovni amalga oshirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra yong‘in chiqishiga ovqat pishirish gaz balonining portlashi sabab bo‘lgan. Guvohlarning aytishiga qaraganda olov chiqishi natijasida poyezdning uchta vagonida yong‘in kuzatilgan.

Mamlakat temir yo‘llar vaziri Shayx Rashid yo‘lovchilarning aksar qismi yonayotgan va ayni vaqtda harakatni davom ettirayotgan poyezddan sakrashi natijasida halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Vazir hozircha halok bo‘lganlarning ma’lum qismining shaxslari aniqlangani, tibbiyot xodimlari ayrim jasadlarining tanasi butunlay kuyib ketgani sababli ularning shaxslarini aniqlashtirish jarayoni qiyinligini bildirgan.

Hodisaning boshqa tafsilotlari ham aniqlashtirilmoqda. Temir yo‘ldagi qatnovlar bir necha soatda qayta tiklanadi.