Ortda qolgan bir sutka vaqt davomida 900 nafardan ko‘proq qochoq xorij davlatlari hududidan Suriyaga qaytdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “Izvestiya”

“Ortda qolgan bir necha sutka ichida Suriya Arab respublikasiga xorijdan jami 933 nafar qochoq qaytib keldi. Livandagi “Jeydat-Yabus” va “Tell-Kalax” chegara postlari orqali 157 nafar (47 nafar ayol, 80 nafar bola), Iordaniyadan “Nasib” chegara posti orqali 776 nafar (233 nafar ayol, 396 nafar bola) qochoq mamlakatga qaytgan”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, bir sutka ichida xorijda muntazam yashash joyiga ega bo‘lgan bir nafar qochoq ham Suriyaga qaytgan. O‘tgan vaqt davomida to‘rtta turar joy, shifoxona va tarmoq elektrstansiyasi qayta tiklangan.

Markaz bergan ma’lumotga ko‘ra, Suriya qurollik kuchlari injenerlik bo‘linmalari 2 gektarga yaqin maydondagi hududni minalardan tozalagan va mutaxassislar tomonidan 36 ta portlovchi qurilma zararsizlantirilgan.

Suriyadagi nizo 2011-yildan buyon davom etmoqda. Rossiya, Turkiya va Eron mamlakatdagi beqaror vaziyatni o‘nglashga mas’ul davlatlar hisoblanadi va ular — Ostona formatidagi muzokaralar jarayonidagi asosiy uch kafil davlat.

Turkiyaning Suriya hududida o‘tkazgan “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi haqida

9-oktabrda Anqara Suriya shimoli-sharqida Turkiyadagi qochoqlar uchun xavfsiz zona tashkil etish maqsadida kurd jangarilariga qarshi “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini boshlagan. Dunyo mamlakatlari Turkiyaning ushbu harbiy harakatlarini keskin qoralagan, AQSh Anqaraga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llagan. Germaniya va Fransiya turklarga qurol-yarog‘ sotishni to‘xtatgan, keyinchalik Kanada ham ular safiga qo‘shilgan.

17-oktabrda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Suriya shimoli-sharqidagi operatsiyani kurdlar xavfsiz zona hududidan chiqib ketishi uchun 120 soatga to‘xtatishni kelishib oldi. Vashington moliyaviy sanksiyalarni bekor qildi.

22-oktabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turiya davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Sochida Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi va “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasini 23-oktabrdan yana 150 soatga to‘xtatish va o‘t ochmaslik haqidagi shartlashuv muddati yakuniga yetgach hamkorlikda Turkiya—Suriya chegarasida 30 kilometrlik hududni barpo etish uchun qo‘shma patrul tadbirlari o‘tkazish haqida memorandum imzoladi.

Pentagon rahbari Mark Esper ushbu memorandumdan ruslarning manfaatdor ekanligini bildirgan, lekin Turkiya Suriyadagi vaziyat bo‘yicha Rossiya bilan emas, NATO bilan hamkorlik qilishi lozimligini ta’kidlagandi.