AQSh prezidenti Donald Tramp va uning turmush o‘rtog‘i Melaniya rasman asosiy yashash joyini o‘zgartirdi — ular Nyu-Yorkdan Floridaga ko‘chib o‘tgan. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Foto: AP

Palm-Bich shahri okrug sudi hujjatlarida qayd etilishicha, sentabr oyi oxirida prezidentning oilasi yashash manzilini Manxettendan (Nyu-York) Floridadagi Trampga tegishli Mar-a-Lago Club kurortiga o‘zgartirgan.

Davlat rahbariga yaqin manba buni “soliqlar nuqtai nazaridan qabul qilingan qaror” sifatida baholagan.

Trampning o‘zi ham Twitter’dagi sahifasida Palm-Bichga ko‘chib o‘tganini tasdiqladi va buni quyidagicha izohladi:

“Men Nyu-York va uning aholisini qadrlaganman, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Biroq har yili shaharga millionlab dollar mahalliy soliqlarni to‘lashimga qaramay, shahar va shtatning siyosiy yetakchilari men bilan yomon munosabatda bo‘ldi. Bunaqasi kamdan kam bo‘lgan”.

AQSh prezidenti bu bilan nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan.