1-noyabr Butunjahon vegetarianlik kunidir. Shu munosabat bilan “Daryo” jahonning mashhur vegetarianlari haqida ma’lumot beradi.

Dunyo ajoyibotlar bilan birga ajoyib va g‘aroyib odamlar bilan ham qiziq tuyuladi. Ana shunday odamlar toifasidan biri vegetarianlardir.

Vegetarianlik hayvon va parranda go‘shtidan, suv olami hayvonlari go‘shtidan voz kechib, faqat o‘simlik, meva-sabzavot va sut mahsulotlarini iste’mol qilib yuruvchi odamlarga nisbatan qo‘llaniladigan atamadir.

Vegetarianlikni tanlagan odamlar uni turli sabablarga ko‘ra tanlagan bo‘lishi mumkin. Kimdir diniy qarashlari, yana kimdir tibbiyot, ekologiya, iqtisod tarafdan bu tanlovga keladi. Har bir kishi nima sababdan vegetarianlikni tanlagani tahlil qilinsa, ularning aksariyati hayvon va parrandalarni yeyish uchun o‘ldirish, dengiz hayvonlarini yeyish uchun ovlashni vahshiylik deb tushunishini aytadi. Ayniqsa dunyoga mashhur vegetarianlarning aksariyati bu yo‘lni shu tufayli tanlaganini aytadi.

“Vegetarian” atamasi inglizcha vegetable – “sabzavot” so‘zidan kelib chiqqan. Lekin aksariyat vegetarianlar bu so‘zni lotincha vegetus – “tetik”, “tirik” ma’nolarini beruvchi so‘z bilan bog‘laydi. Bu atama 1847-yilda Buyuk Britaniya Vegetarianlar jamiyati tuzilgandan so‘ng mashhur bo‘ldi va keng qo‘llanila boshlandi.

Vegetarianlarning eng ashaddiylari hayvon va parranda go‘shti, dengiz hayvonlari mahsulotlariga qo‘shib hayvonlardan olinadigan sut mahsulotlari, tuxum, hatto asal ham yemaydi. Ular xoh quruqlikda yashasin, xoh dengizda, xoh ochiq havoda, har qanday hayvon va parranda, dengiz hayvonlari, hasharotlar va ularga daxldor hech narsani iste’mol qilmaydi. Bu toifa vegetarianlar faqat o‘simliklar va meva-sabzavotlar bilan oziqlanadi. Ular “vegan” deb ataladi.

Vegetarianlarning yana bir toifasi (ular o‘zlarini haqiqiy vegetarianlar deb biladi) faqat hayvon va parranda, dengiz hayvonlari mahsulotlarining go‘shtini yemaydi. O‘simlik va meva-sabzavotga qo‘shib hayvon va parrandalardan olinadigan sut mahsulotlari va tuxumni yeydi.

Shuningdek, vegetarianlar kundalik yashashida ham hayvonlar terisi bilan bog‘liq hech qanday buyumlarni ishlatmaydi, hayvonlar terisidan yoki tabiiy matolardan tikilgan bo‘lsa-yu, bir chetida hayvonlar terisi ishlatilgan bo‘lsa, bunday mahsulotlarni umuman ishlatmaydi. Parrandalar paridan iborat buyumlarni ham ishlatmaydi. Asosan tabiiy va sun’iy matolardan tikilgan kiyimlarni kiyadi, buyumlarni ishlatadi.

Shuningdek, ular hayvonlar tarkibida bo‘ladigan turli moddalar qo‘shib tayyorlangan dori-darmonlardan foydalanmaydi.

Bugun dunyoning ayrim davlatlarida aholining 5 foizidan 10 foizigacha vegetarianlar hisoblanadi. Bular Braziliya, Isroil, Italiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Fransiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, AQSh kabi mamlakatlardir. Eng qizig‘i, vegetarianlarning uchdan ikki qismi ayollarni tashkil etadi.

Bugun dunyoning aksariyat mamlakatlarida vegetarianlar uchun alohida restoranlar, qahvaxonalar va boshqa ovqatlanish shoxobchalari ochilgan. Ularda vegetarianlar uchun asosan o‘simliklardan, meva-sabzavotlardan ovqat tayyorlab beriladi.

Bugungi kunda dunyodagi ko‘plab mashhur insonlar, aktyorlar, taniqli ishbilarmonlar, madaniyat va san’at ahllari vegetarianlik hayot tarzini tanlashgan.

Quyida turli kasb egalari bo‘lgan dunyoga mashhur vegetarianlarning bir qanchasi bilan tanishamiz.

Stiv Jobs

Foto: AP

Dunyodagi eng mashhur tadbirkorlardan biri bo‘lgan va o‘z kompyuterlari bilan tom ma’noda dunyoni kompyuterlashtirib tashlagan Stiv Jobs 1977-yilda Apple kompaniyasini tuzgan paytida ashaddiy mevaxo‘r edi. U o‘sha paytlardayoq bir necha kunlab faqat mevaning ma’lum bir turi bilan oziqlanib yurishi bilan mashhur edi. U umrining oxirigacha mevaxo‘r bo‘lib qoldi.

Genri Ford

Foto: Wikipedia

Stiv Jobs dunyoni kompyuterga to‘ldirib tashlagan bo‘lsa, Genri Ford dunyoni avtomobillarga to‘ldirib tashladi.

Ford mashhur vegetarianlardan biri bo‘lgan va “agar odamzot go‘sht yeyishni to‘xtatsa, dunyo yanada yaxshiroq bo‘lishini” bildirgan.

Fordning fikricha, “Odamzot endi bemalol hayvonlar va parrandalar go‘shtini, dengiz mahsulotlarini o‘rnini bosuvchi sun’iy ozuqa ishlab chiqara oladi. Shunday ekan, hayvon va parrandalarni o‘ldirish, dengiz hayvonlarini ovlash nega kerak?”

1931-yilda Ford “Soya o‘simligidan turli mahsulotlar o‘rnini bosuvchi ozuqa olish” haqidagi risolani o‘qib qoladi. Shundan so‘ng 1934-yilda u soya o‘simligidan turli ozuqa ishlab chiqaradigan korxonani ishga tushiradi.

Alfred Ford

Foto: AP

Alfred Ford Gerni Fordning evarasi bo‘ladi. U ham mashhur vegetarianlardan biri hisoblanadi. Genri Ford o‘z avlodlariga nafaqat avtomobil va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasini, balki vegetarianligini ham meros qilib qoldirgan.

Shu tufayli bugun uning ko‘plab avlodlari qatori evarasi Alfred Ford ham vegetarian bo‘lgan.

Kristin Lagard

Foto: AP

Kristin Lagard bir necha yildan beri Xalqaro valyuta jamg‘armasining ijrochi direktori vazifasida ishlab kelyapti. U ham dunyoga mashhur vegetarianlardan biri hisoblanadi.

Kristin Lagard yoshlikdan sport bilan muntazam shug‘ullangan va shu bilan birga vegetarianlikni tanlab, go‘sht mahsulotlarining har qanday turidan voz kechgan.

Bill Klinton

Foto: AP

AQShning 42-prezidenti Bill Klinton ham vegetarian hisoblanadi.

Uning vegetarian bo‘lishi sog‘ligi bilan bog‘liq. 2010-yilda Klintonning tanasida xolesterin moddasi belgilangan miqdordan ancha oshib ketib, sog‘ligi yomonlashadi. Shundan so‘ng vrachlar unga go‘sht mahsulotlaridan batamom voz kechishni maslahat beradilar. Shundan so‘ng u ham har qanday turdagi go‘sht mahsulotlaridan voz kechib vegetarianlik hayot tarziga o‘tgan.

Klintonning tan olishicha avvaliga go‘sht mahsulotidan voz kechish sobiq prezident uchun juda og‘ir bo‘lgan. Shunda unga Kembellarning The China Study kitobini berishgan. Klinton bu kitobdagi vegetarian bo‘lgandan so‘ng nimalarga e’tibor berish, qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tish haqidagi maslahatlarni o‘qib, unga amal qilib vegetarianlikka moslashgan.

Pol Makkartni

Foto: Wikipedia

Jahonga mashhur xonanda ser Pol Makkartni bugun keksayib qolganiga qaramay turli xayriya konsertlarida ishtirok etadi, yangi qo‘shiqlardan iborat albom yozadi. U buning muvaffaqiyatini vegetarianlik bilan bog‘laydi.

Eng birinchi Makkartining xotini Linda vegetarianlikni tanlaydi. Keyinchalik xotini bilan dunyoni va undagi hayvonot dunyosini asrashga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashgan Makkartnining o‘zi ham vegetarianlik hayotini tanladi.

Pavel Durov

Foto: Wikipedia

Dunyoga mashhur Telegram ijtimoiy tarmog‘ining asoschisi rossiyalik Pavel Durov ham vegetarian hisoblanadi.

U vegetarianlikni tanlaganiga ancha yillar bo‘lgan. Undan qanday hayot tarzida yashashi haqida so‘ralganda, u “vegetarianlik hayoti qiyin emas. Ozgina moslashib olganingizdan keyin hayvonlar va parrandalar go‘shti sizga aniq yoqmay qoladi. Bu hayotning hech qanday siri yo‘q. Men hayvon va parranda go‘shtidan voz kechganman. Asosan o‘simliklar va meva-sabzavotlar bilan oziqlanaman.

Ovqatlanishda shakar, un, kofe, spirtli ichimliklardan iloji boricha qochishga harakat qilaman. Shu mening sog‘lom turmush tarzim”.

Bred Pitt

Foto: Getty Images

Gollivudning mashhur akyori Bred Pitt ham ancha yillardan beri vegetariandir.

Bred Pitt hayvon va parranda go‘shti, dengiz hayvonlari mahsulotlaridan nafaqat o‘zi voz kechgan, balki u atrofidagilarni ham shunga targ‘ib qiladi. Ammo u Gollivud aktrisasi Anjelina Joli bilan birga oila qurib yashaganida vegetarian bo‘lishga Anjelinani umuman ko‘ndira olmagan.

Natali Portman

Foto: Getty Images

Gollivudning yana bir aktrisasi Natali Portman ham vegetarianlik hayotini tanlagan.

Natali go‘sht va go‘sht mahsulotlarini bolaligidan boshlab umuman iste’mol qilmagan. Bunga esa, bolaligida tibbiyot anjumanlaridan biriga otasi bilan birga borganida uning ko‘z o‘ngida tirik jo‘ja ustida amaliyot o‘tashadi. O‘sha ondan boshlab Natali o‘z ratsionidan hayvonlar va parranda go‘shtini, dengiz hayvonlaridan tayyorlangan mahsulotlar va ovqatlarni, shuningdek sut mahsulotlari va tuxumni chiqarib tashlaydi. O‘shandan beri Natali vegetarian bo‘lib kelmoqda.

Alek Bolduin

Foto: Getty Images

Gollivudning yana bir mashhur aktyori Alek Boldiun ham vegetarian hisoblanadi. Shuningdek, Boldiun dunyo bo‘ylab vegetarianlikni aktiv targ‘ib ham qiladi.

Boldiunning fikricha, dunyoda vegetarianlar qancha ko‘paysa atrof-muhitni, tabiatni, hayvonot dunyosini shuncha muvaffaqiyat bilan asrab qolsa bo‘ladi. Uning tan olishicha uni vegetarianlar olamiga sobiq xotini, aktrisa Kim Besinjer olib kirgan.

Richard Gir

Foto: Getty Images

Richard bundan bir necha yillar muqaddam buddizmni qabul qilgan va uning ta’sirida vegetarian bo‘lgan.

Mayk Tayson

Foto: Google Photos

Ko‘pchilik uchun kutilmagan ma’lumot shuki, AQShlik dunyoga mashhur Mayk Tayson ham vegetariandir.

Taysonning tan olishicha, uning vegetarianligi hali professional boksda yurgan chog‘larida, ortiqcha to‘plangan vaznni go‘sht va go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilishni to‘xtatganda boshlangan. Vegetarian bo‘lishi tanasiga foyda bergani bilan birga Taysonning ancha xotirjam inson bo‘lib qolishiga ham sabab bo‘lgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.