IShID terroristik tashkiloti jangarilari o‘z rahnamosi Abu Bakr Al-Bag‘dodiyning o‘limi uchun AQShdan qasos olinishini aytib, tahdidli xabar yo‘lladi. Bu haqda Reuters xabar bergan.

Foto: ElPais

Xabarga ko‘ra, IShID terrorchilaridan biri AQSh hukumatiga audioxabar yuborgan. Ovozli xabarda amerikaliklardan operatsiya uchun qonli qasos olinishi haqida ma’lum qilgan.

27-oktabrda Suriyaning Idlib viloyatida AQSh harbiylarining Iroq, Suriya, Turkiya, Rossiya hamda kurdlar bilan hamkorlikda operatsiya o‘tkazgan va IShID yetakchisi Abu Bakr Al-Bag‘dodiy yo‘q qilingan. Donald Tramp ushbu ma’lumotni rasman tasdiqlagan va Bag‘dodiyning tunnelda o‘zini-o‘zi portlatib yuborganini qayd etgan.

30-oktabrda Pentagon IShID yetakchisini yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya tafsilotlari va harbiy harakatlar videosining ayrim qismlarini e’lon qildi. 31-oktabrda IShID Al-Bag‘dodiy va tashkilotning yana bir a’zosi Abu al-Hasan al-Muhojirning o‘lganini tasdiqlagan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.