Bundan roppa-rosa 42 yil muqaddam SSSRning afsonaviy Tu-144 samolyoti ilk yo‘lovchi qatnovini amalga oshirgan edi. Shu munosabat bilan “Daryo” mazkur samolyot haqida katta material tayyorladi.

1977-yil yozida Brejnev Fransiyaga davlat tashrifini amalga oshirganida farang siyosatchilari unga Rio-de-Janeyro va Bahraynga qatnovlarni amalga oshirayotgan tovushdan tez uchuvchi Konkord samolyotini ko‘z-ko‘z qildi. Bu narsa Brejnevni lol qoldirgan deyish qiyin. Chunki Konkord’ning raqobatchisi va, ta’bir joiz bo‘lsa, “egizagi” bo‘lgan samolyot allaqachon “Aeroflot” tasarrufida bor edi. Aviakonstruktor Tupolev loyihasiga ko‘ra Voronejdagi aviatsiya zavodida yig‘ilgan Tu-144 samolyoti faranglarning Konkord’idan avvalroq tovush tezligini zabt etgan ilk yo‘lovchi samolyoti sifatida tarixdan joy olib ulgurgandi.

Biroq Sovet Ittifoqi Tu-144 ni muntazam reysga qo‘yishga shoshilmadi va u avvaliga faqat yuk tashish asnosida sinovdan o‘tkazildi. Yirik siyosiy kimo‘zar poygasi zamoni bo‘lgan 60–70-yillarda G‘arb va Ittifoq o‘rtasida bu kabi texnikaviy bahs oddiy hol edi. Tomonlar asosan kosmosni o‘zlashtirish va yadro sinovlari borasida poyga qilayotgan bo‘lsa-da, aviakonstruktorlar ham bu borada chetda qarab turmagan.

Fransiyadan qaytgach, Brejnev Tu-144 samolyotlarini yo‘lovchi reyslarga chiqarish haqida ko‘rsatma beradi. 1977-yilning 1-noyabrida tovushdan tez uchuvchi samolyot ilk bor Moskva – Olmaota yo‘nalishida yo‘lovchilarni manzilga eltib qo‘ydi. Samolyot 16 000–17 000 metr balandlikda, 2 000 kilometr/soat tezlik bilan uchib, 3 260 kilometr masofani ikki soatdan sal kam vaqt ichida bosib o‘tdi. Bu degani, Tu-144 oddiy samolyot to‘rt soatda yetib boradigan joyga deyarli ikki barobar qisqa fursat ichida qatnovni yakunlagan. Bugun o‘sha reys amalga oshirilganiga 42 yil to‘ldi.

Foto: Wikipedia

Tu-144 va Konkord samolyot tashqi ko‘rinishi jihatdan ham, konstruktorlik yechimlari nuqtai nazaridan ham bir-biriga juda o‘xshash. Shu sababli G‘arbda Tu-144 ni “Konkordski” deb ham atashgan. Tu-144 ning ilk sinov parvozi 1968-yilning 31-dekabr kuni Jukovskiy aerodromidan amalga oshirilgan bo‘lib, u o‘shanda haqiqatan ham tovush tezligidan yuqori tezlikka erisha olgan tarixdagi birinchi transport samolyoti bo‘lgan. Fransiya va Britaniya qo‘shma loyihasi bo‘lgan Konkord esa oradan ikki oy keyin – 1969-yilning 2-martida Tuluza aeroportidan havoga ko‘tarilgan. Garchi Tu-144 birinchi bo‘lib tovush tezligini zabt etgan bo‘lsa-da, amaliy ekspluatatsiyaga joriy qilishda fransuzlar ilg‘orroq chiqib qoldi va Konkord birinchi bo‘lib muntazam qatnovlarni amalga oshira boshladi.

Aslida transport samolyotini ham tovushdan tez uchar qilish g‘oyasi harbiy qiruvchi samolyotlar bu tezlikni zabt etgandan keyinoq yuzaga chiqqan. Lekin nisbatan ixcham bo‘lgan harbiy samolyotlarni tovushdan tez uchar qilishdan ko‘ra og‘ir transport samolyotlari bilan bunday natijaga erishish juda murakkab muhandislik yechimlarini talab qiladi. Xususan, o‘sha paytda bu loyiha tamomila yangicha texnologik yechimlarni ro‘yobga chiqarishni taqozo etgan. Bunda nafaqat xavfsizlik, balki mutlaqo yangi turdagi dvigatel yaratish masalasi ham bor edi. Boz ustiga, vaziyatga siyosiy tus berilgandan keyin tovushdan tez uchuvchi transport samolyotini birinchi bo‘lib yaratish va muntazam qatnovga qo‘yish g‘oyasi yuzasidan nafaqat eng kuchli muhandis va konstruktorlar, balki har ikki tarafning eng ziyrak ayg‘oqchilari ham ishga solingan. Samolyotlar konstruksiyasi juda o‘xshashligining sabablaridan biri ham shunda, lekin o‘zaro texnik josuslik qilingani haqida faktlar hech bir tarafda yo‘q. Qaytanga samolyotlarni loyihalash vaqtida fransuz va sovet muhandislari o‘zaro tajriba almashib turgani, xususan, samolyot fyuzelyajiga mo‘ljallangan olovbardosh pishiq metall namunalarini almashinishgani haqida ma’lumot bor. Ustiga ustak, Tu-144 va Konkord’ning aerodinamik sxemasi bir xil. Butun ishlab chiqarish va ekspluatatsiya qilish muddati davomida 14 ta Konkord va 16 ta Tu-144 yig‘ilgan. Konkord’larni British Airways va Air France yettitadan taqsimlab tasarruf qilgan bo‘lsa, Tu-144 ning hammasi “Aeroflot” qaramog‘ida bo‘lgan.

Ularning har ikkisida gorizontal dum qismi mavjud emas va qanotlar ham deltasimon shaklda, ya’ni uchburchak ko‘rinishda korpus bilan tutashib ketgan. Qanot esa biroz egrilikka ega bo‘lib, u tovush tezligidan katta tezlikka chiqqan paytda o‘z-o‘zidan to‘g‘rilangan. Bundan tashqari, Konkord ham, Tu-144 ham boshqa samolyotlardan yaqqol ajralib turuvchi pastga qayrilgan tumshuqqa ega bo‘lgan.

Foto: Wikipedia

Buning sababi tovush tezligidan deyarli ikki barobar katta tezlikda samolyotga tushadigan fizik zo‘riqishlarga moslanishdan iborat, qolaversa, uchish maydonchasidan shiddat bilan chiqib ketishda samolyot tumshug‘ini yuqoriga keskin ko‘tarish talab qilingan. Bunda uchuvchi uchish yo‘lagini ko‘rib turishi uchun ham tumshuq korpusning boshqa qismida sal quyilanishi lozim edi.

Foto: Wikipedia

Biroq Konkord va Tu-144 ni o‘zaro farqlab turadigan jiddiy tafovutlari ham bo‘lgan. Ular ichida eng asosiysi va Konkord uchun afzallik – Tu-144 uchun zaiflik sanalgan narsa – dvigatellar kuchi edi. Bu borada Konkord muhandislari ishlab chiqqan motor juda kuchliligi bilan ajralib turgan; TU-144 motori esa samolyotni uzoq muddat ikki va undan ortiq max tezlikda harakatlantirib turish uchun zaiflik qilgan. Ma’lumot o‘rnida: max – bu tovush tezligiga nisbatan olingan birlik bo‘lib, bir max – bir tovush tezligi demakdir. Ikki max degani tovush tezligidan ikki karra tez, uch max uch karra tez va hokazo degani. Konkord uchun dvigatellarni Rolls-Royce tayyorlagan. U uzoq vaqt mobaynida samolyotni ikki max tezlikda uchira oladigan quvvatga ega edi. Tu-144 uchun tayyorlangan HK-144 motorlari esa faqat forsaj vaqtida ikki max tezlik bera olgan. Shu sababli ham Konkord Atlantika osha Rio-de-Janeyrogacha uchib bora olgan bo‘lsa, Tu-144 Moskva – Olmaota masofasini uddalagan xolos.

Umuman olganda, Tu-144 yetib borishi rejalashtirilgan eng olis manzil bu orasi 6 250 kilometr bo‘lgan Moskva – Xabarovsk reysi bo‘lgan edi. Biroq aviakonstruktorlar texnik jihatdan o‘zlari ham ishonqiramagan bu tavakkalchilikdan voz kechgan. Keyinchalik Azor orollarida qo‘nib o‘tish orqali Kuba poytaxti Gavanaga uchish rejasi ham xuddi shu indallo bilan bekor qilingan.

Keyinchalik Tupolev konstruktorlik idorasida РRD-36-51 nomli boshqa kuchli motor loyihalandi va u Rolls-Royce motori singari ikki max tezlikni uzoq muddat ta’minlay oldi. Biroq bu dvigatel ishlab chiqarishga joriy etilganda allaqachon kech bo‘lgandi. Sababi, bu paytga kelib Tu-144 samolyotlari ekspluatatsiyasi to‘xtatilgandi. Tu-144 atigi yetti oy yo‘lovchi qatnovlarini amalga oshirdi. Bu orada bunday samolyotlar ishtirokida ikkita aviahalokat sodir bo‘lib ulgurdi. Qolaversa, har qancha shov-shuvli va pafosli targ‘ib qilinmasin, Tu-144 ning yo‘lovchi tashish reyslaridagi ekspluatatsiya xarajatlari o‘zini mutlaqo qoplamagan. Tovush tezligidan yuqori tezlik yo‘lovchi samolyoti uchun yetarlicha rentabellik bermadi. Tu-144 jami 55 marta qatnov amalga oshirib, 3 284 yo‘lovchini manzilga eltdi xolos. U 1978-yilning 1-iyunida so‘nggi bor reysdan qaytgach, boshqa uchirilmadi.

Konkord esa 2003-yilgacha xizmatda bo‘ldi va jami 2,5 milliondan ziyod yo‘lovchini manzilga eltdi. 2003-yilning 26-noyabr sanasida Tu-144 ning g‘arblik qarindoshi ham uchishdan to‘xtadi.

Hozirda har ikki turdagi samolyotlarning aksariyati turli shaharlarda ko‘rgazma uchun qo‘yilgan. Shuningdek, har ikki tarafda samolyotlarni qisqa texnik ta’mirlash orqali safga qaytarsa bo‘ladigan qilib shay holda tutib turilgan namunalari ham saqlanmoqda.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.