Rasmiy tashrif bilan Hindistonga safar uyushtirgan Germaniya federativ respublikasi kansleri Angela Merkel yana diplomatik qoidalardan chekingan holda ikki davlat madhiyalarini o‘rindiqga o‘tirgan holatda tingladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: DW

1-noyabr, juma kuni Nyu-Dehliga kelgan Germaniya yetakchisini Hindiston bosh vaziri Narendra Modi kutib olgan va mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortgan. Tashrif dasturi doirasidagi asosiy tadbirlardan biri Hindiston qahramoni Mahatma Gandi xotirasiga hurmat bajo keltirib, uning maqbarasiga gul qo‘yish marosimi edi.

Ushbu marosimda Hindiston hamda Germaniya davlat madhiyalari yangragan vaqtda kansler qo‘llarini tizzalariga qo‘ygan holatda stulda o‘tirgani jurnalistlar va jamoatchilik e’tiborini o‘ziga tortdi.

Hindiston tashqi ishlar vazirligi ushbu fors-major holatini avvaldan kelishib olingani va nemislar bu haqda hindlarni ogohlantirganini ma’lum qildi. Shuningdek, ismini oshkor qilmagan diplomat Merkelning ushbu harakatini uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolari borligi bilan izohladi.

Merkelning Hindistonga qilgan tashrifidagi yana bir diqqatga sazovor jihat Germaniya kanslerining ham, hindlar bosh vazirining ham Prezident saroyida o‘tgan tadbirlar davomida Nyu-Dehlidagi havoning ifloslanganlik darajasi belgilangan normalardan 19 marta baland bo‘lishiga qaramay og‘iz va burunni niqob bilan to‘smaganligi bo‘ldi.

Merkel iyunda ham bir nechta rasmiy tadbirlarda qo‘llari titrab, o‘zini noxush his etayotgani ma’lum bo‘lgan.

Jumladan, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hamda Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashuvlarda qaltirab qolgandi. Shuningdek, Merkel so‘nggi vaqtda Germaniyaga rasmiy tashrif bilan kelgan davlat rahbarlari bilan uchrashuvlarda ham ikki davlat madhiyalarini tik turmasdan, o‘rindiqda o‘tirgan holda tinglagan. Jumladan, Merkel iyul oyida Daniya bosh vazirini qabul qilgan vaqtida ham ikki davlat rahbari madhiyalarni stulda o‘tirib eshitgan.