“O‘zbekkino” milliy agentligida davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan badiiy filmlar reklamasi hamda televideniye, radio va internet tarmoqlarida targ‘ibot kampaniyasini tashkil etish va amalga oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Unda kinoprokatdagi muammolarga barham berish bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqildi. Milliy kino mahsulotlarining targ‘ibot kampaniyasi tizimli tashkil etilmayotgani, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy-axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilmayotganligi sababli filmlarga nisbatan tomoshabinlar qiziqishi pasayib, kinoprokat faoliyatidan olinayotgan tushumlar kutilgan natija bermayotgani va bu kabi muammolarga barham berish kerakligi haqida so‘z yurtildi.

Kinoprokatni rivojlantirish, ularning reklama targ‘ibotini yuqori darajada tashkil etish borasidagi harakatlar respublikaning chekka hududlaridan boshlanishi, jumladan, kinoteatrlar sonini ko‘paytirish, kinochiptplar narxini aholiga qulay tarzda arzonlashtirishga kelishib olindi.

Shuningdek, davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan “Qo‘qon shamoli”, “1-avgust” va “Avloniy” nomli badiiy filmlar to‘g‘risida aholini to‘liq xabardor qilish, ushbu filmlar taqdimotini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berildi

Unga ko‘ra, “1-avgust” filmi premyerasi 26-noyabrda, “Avloniy” filmi 6-dekabrda, “Qo‘qon shamoli” esa 19-dekabrda namoyish etiladigan bo‘ldi. Mazkur filmlar taqdimoti joriy yil yakuniga qadar Toshkent, Samarqand, Termiz, Namangan va Nukus shaharlarida tashkil etiladi.