Xalqaro tadqiqotchilar guruhi plutoniyning ilgari uchratilmagan birikmasi – plutoniy pentaoksidini olishga muvaffaq bo‘ldi.  Ma’lum qilinishicha, ushbu birikma g‘oyat barqaror bo‘lib chiqqan.

Hozirda ko‘plab olimlar yadroviy chiqindilarning keyingi taqdiri nima kechishi masalasi ustida bosh qotirmoqda. Xususan, radioaktiv metallarning turli birikmalari keyinchalik nimaga aylanishi va qanday shakllarga kirishi muhimdir.

Foto: Google Photos

Ba’zi mamlakatlar yadro chiqitlarini chuqur yer qa’riga ko‘mish yoki suv havzalari tubiga cho‘ktirish bilan masalani hal qilishga urinmoqda. Lekin buning oqibatidan o‘sha radioaktiv chiqindilar keyinchalik hech kim kutmagan joyda ko‘rinish beryapti. Masalan, plutoniy birikmalari suv tubida balchiq va loyqa bilan qorishib, keyin oqim bo‘ylab harakatlanib, kutilmagan joylarda paydo bo‘lmoqda. Bu esa albatta ekologik xatarlarni yuzaga keltirishi bilan xavotirlidir.

Germaniyaning Drezden-Rossendorf ilmiy tadqiqotlar markazi olimlari shu singari radioaktiv chiqitlarning turli tabiiy omillar ta’sirida harakatlanishi va buning oqibatida atrof-muhit omillari tufayli qanday shakl o‘zgarishlariga yuz tutishini tekshirmoqda. Shunday tekshiruv natijalaridan biri yaqindagina Angewandte Chemie jurnalida e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, avvaliga olimlar boshqa bir tajribada plutoniy dioksidi (PuO2) namunasini olish yuzasidan ish olib borishayotgan bo‘lgan. Buning uchun turli xomashyolardan foydalanib ko‘rishgan. Xususan, olti valentli plutoniy qo‘llab, birikma olishga urinish ham bajarib ko‘rilgan. Aynan shu reaksiya vaqtida kutilmaganda jarayonda yana bir boshqa reaksiya avj olgan.

Rejalashtirilmagan o‘sha reaksiya hosilalarini sinchiklab tekshirish shuni ko‘rsatdiki, unda kimyoviy formulasi NH4PuO2CO3 bo‘lgan plutoniy birikmasi hosil bo‘lar ekan. Avvaliga kimyogarlarning hech biri bunga ishonmagan va vaziyatni tasodif deb baholagan. Chunki kimyo ilmida shu choqqacha hali plutoniyning besh valentli birikmasi ma’lum emasdi va bunday birikmaning mavjud bo‘lishi imkonsiz deb hisoblanar edi. Lekin olimlar tajribalarni bir necha marta qayta takrorlab ko‘rib, har safar bir xil natija olgan.

Olingan plutoniy birikmasi uch oydan keyin qayta tekshirilganida, u o‘zgarishsiz saqlanayotgani oydinlashdi. Ya’ni plutoniy pentaoksidi nafaqat “imkonsiz” emas, balki bo‘lganda ham radioaktiv birikmalarga xos bo‘lmagan tarzda barqaror birikma ham ekan.

Ushbu kashfiyot, radioaktiv chiqitlarni saqlash va yo‘q qilish sohasida yangi istiqbollarni ochib berishi mumkin.