Tarixda o‘z zakosi, go‘zalligi bilan dovruq qozongan ayollar talaygina. Shunday ayollardan biri Misrdagi Ptolomeylar sulolasining so‘nggi buyuk vakilasi, Sezar va Antoniy singari buyuk imperatorlar muhabbatini qozongan malika Kleopatradir.

Tarixda Qadimgi Misrda Kleopatra nomi bilan 11 ta malika o‘tgan. Ulardan eng mashhuri Kleopatra VII dir. U milodan avvalgi 69-yilda Misrning Iskandariya shahrida tavallud topgan va miloddan avvalgi 30-yilda shu shaharda vafot etgan. Malika Kleopatra otasi Ptolomey XII vafotdan keyin, miloddan avvalgi 51-yilda taxtga o‘tiradi. Taxtni esa ukasi Ptolomey XIII bilan birgalikda boshqarishga kirishadi. Ptolomeylar odatiga ko‘ra, ayol kishi yolg‘iz o‘zi taxtni boshqara olmas edi.

Shuning uchun u ukasi bilan shartli nikohdan o‘tishga majbur bo‘ladi. Misr taxtida 31-yilgacha o‘tirgan Kleopatra Oktavian boshliq Rim imperiyasi qo‘shinlariga mag‘lub bo‘ladi. Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng Misrdagi ellinizm davri nihoyasiga yetadi. Kleopatra esa asirga tushishdan qo‘rqib o‘z joniga qasd qiladi.

Uning taqdiri asrlar davomida barchani birdek qiziqtirib kelgan. Uning shaxsiyati va tashqi ko‘rinishi haqida hozirgacha aniq tasavvurga ega emasmiz. Lekin, rimliklarni tashvishga soladigan darajada aqlli va zukko bo‘lganligi aniq. Kelopatraning Jazoirning Cherchel shahridagi byusti uning tashqi ko‘rinishini tasvirlashda ideallashtirilgan. Shuningdek, bir qancha zarb etilgan tangalarda uning yon tomondan tushirilgan surati ham topilgan. U haqida juda ko‘plab kitoblar yozilgan, suratlar chizilgan, teatr sahnalarida spektakllar ishlangan. Ushbu maqolamizda u haqida ishlangan filmlarda Kleopatra rolini ijro etgan aktrisalar haqida so‘z yuritamiz.

Kleopatra haqida ishlangan ilk film rejissor Jorj Melyesning oq-qora tasvirda suratga olingan ovozsiz “Kleopatra” filmidir. Film 1899-yilda Fransiyada suratga olingan. Bosh rolni esa Melyesning xotini aktrisa Janna D’Alsi ijro etgan.

Navbatdagi film ham Fransiyada 1910-yilda suratga olingan. Film bu safar ham tabiiyki, oq-qora va ovozsiz tarzda ishlangan. Bosh rolni aktrisa Madlen Rosh ijro etgan.

1917-yilda AQSh kinoijodkorlari ham ushbu mashhur ayol haqida film suratga oldi. Bosh rolda Teda Barra Kleopatra obrazini yaratdi.

1934-yilda aktrisa Klodet Kolber rol ijro etgan “Kleopatra” filmi Oskar mukofotini qo‘lga kiritdi. Ushbu film Kleopatra haqida olingan filmlar orasida ilk ovozli filmlardan biri hisoblanadi.

1945-yilda afsonaviy Vivien Li bosh rolni o‘ynagan “Sezar va Kleopatra” filmi malika haqidagi navbatdagi kinoasar bo‘ldi.

Bernard Shouning shu nomdagi pyesasi asosida suratga olingan film “Eng yaxshi postanovkachi rassom” nominatsiyasida Oskarni qo‘lga kiritgan. Film Bernard Shou pyesasi asosida uning hayotlik chog‘ida suratga olingan so‘nggi va ilk rangli filmdir. Texnikolor sistemasida ishlangan film o‘sha paytdagi Angliyadagi eng qimmat film bo‘ldi.

Filmlardan tashqari Kleopatra obrazi multfilmlarda ham gavdalantirilgan. Shulardan biri Fransuz ijodkorlari tomonidan ishlangan “Asteriks va Kleopatra” multiplikatsion filmi. Kleopatraga fransuz dublyaj afsonasi Mishlin Daks ovoz bergan. Ushbu multfilm 1974-yilda “Oltin ekran” mukofotini qo‘lga kiritgan.

1963-yilda suratga olingan navbatdagi filmda Kleopatra rolini mashhur Elizabet Taylor ijro etdi. Film voqealari Kleopatraning Yuliy Sezar va Mark Antoniy bilan o‘zaro munosabatlari haqida hikoya qiladi. Film Italiya, Ispaniya va Angliyada suratga olingan. Film uchun 44 million (hozirgi hisobda 300 million dollar) dollar sarf qilingan. Film kino tarixidagi eng qimmat filmlar qatoridan o‘rin olgan. 4 yil davomida suratga olingan filmdagi roli uchun Taylor 1 million dollar gonorar talab qiladi va suratga olish yakunida esa 7 million dollar ishlab oladi.

2002-yilda fransiyalik rejissor Alen Shaba “Asteriks va Kleopatra” multfilmi motivlari asosida navbatdagi komediya janridagi filmni suratga oladi. Film “Asteriks va Obeliks: Kleopatra missiyasi” deb nomlandi. Filmdagi Kleopatra rolini maftunkor Monika Beluchchi qoyilmaqom qilib ijro etgan. Film voqealari Misr malikasining Sezarga misrliklarning “qoloq” xalq emasligini ko’rsatib qo‘yish maqsadida uch oy muddatda hashamatli saroy qurish haqidagi va’dasi atrofida bo‘lib o‘tadi. Bu ishni esa malika o‘zining Numerobis ismli arxitektoriga topshiradi. Numerobis esa galliyalik Asteriks va Obelikslarni yordamga chaqirib qasrni o‘z vaqtida qurib bitkazadi. Film 2003-yilda to‘rtta nominatsiya bo‘yicha “Sezar” mukofotini qo‘lga kiritdi.