Hindistonning poytaxt okrugi hisoblangan Dehlida havoning ifloslanish ko‘rsatkichlari Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilagan me’yordan 10 baravar ko‘payib ketgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Vox

Nyu-Dehlidagi atmosfera sifati noyabrda har doimgidan ham yomon ifloslangan. Havodagi mayda dispers zarralarining diametri kamida 2,5 mikrometrgacha (PM2,5) o‘sgan. Havoning ifloslanishiga kuzda dehqonlarning Nyu-Dehli atrofi hamda qo‘shni shtatlarda yetishtirilgan poxolni yoqishi natijasida yuzaga kelayotgan tutun eng asosiy sabablardan biri deb ko‘rsatilmoqda.

3-noyabr, yakshanba kuni Hindistonda Havo sifati indeksini (AQI) o‘lchashning imkoni bo‘lmagan, ko‘chalarda o‘rnatilgan registratorlarda uch raqamli tablolar 999 (norma 0-50 deb hisoblanadi) raqamlarini ko‘rsatgan.

Nyu-Dehlida bir necha kundan beri maktablar yopilgan, Indira Gandi nomidagi xalqaro aeroportda 40 ga yaqin samolyot reyslari bekor qilingan. Shuningdek, shahardagi qurilish ishlari ham quyuq tuman qoplangani tufayli to‘xtatilgan.

4-noyabrdan boshlab poytaxtda xususiy avtomobillardan foydalanish qonun bilan man etildi. Ya’ni 4—15-noyabr oralig‘ida Nyu-Dehli aholisi vakillari juft kunlari juft, toq kunlari esa toq raqamlar bo‘lgan avtomobillarni haydashi mumkin. Ushbu cheklovlar bir o‘zi yuradigan ayollar, bolalarni uydan maktabga, maktabdan uyga olib boruvchi transport vositalariga taalluqli emas.

Foto: Hightech

Hukumat avtotransportdan foydalanishni taqiqlanishi aholisi 20 million bo‘lgan megapolisdagi ekologik vaziyatning yaxshilanishiga umid qilmoqda.

Hindiston yerni boshqarish vazirligi Ob-havoni prognozlash va havo sifatini monitoring qilish tizimi (SAFAR) ekspertlari Panjob va Haryan shtatlarida poxol yonishi uch kun avvalgidan 90 foizga oshganligini ma’lum qildi. Dehqonlar maxsus texnikaga pullari yo‘qligi tufayli poxol yoqishga majbur bo‘layotganligini bildirgan. Rasmiy manbalarga ko‘ra, har yili zaharli tutun sabab Hindistonda kamida million odam halok bo‘ladi.

Avval Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Germaniya kansleri o‘rtasida Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va rasmiy tadbirlar vaqtida ikki davlat rahbarlarining havo ifloslanganligi haqidagi ma’lumotlarga qaramay og‘iz va burun bo‘shlig‘ini niqob bilan himoyalamasdan harakatlangani dunyo jamoatchiligi e’tiborini tortgandi.

Sentabrda dunyo shaharlaridagi ifloslanish va havo sifati indeksini tahlil qiluvchi The World Air Quality Index’ning eng yirik onlayn-monitoring natijalariga ko‘ra, Toshkent havosi iflos shaharlar reytingida ikkinchi o‘rinni egallagani ma’lum qilingan. “O‘zgidromet” Toshkentning havosi eng iflos shaharlar reytingida ikkinchi o‘rinni egallashi noto‘g‘ri ma’lumot deb atagan va “AirVisual.com” sayti rasmiy davlat sayti hisoblanmasligi, ma’lumotlar xususiy kompaniyalar va tashkilotlarning sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari asosida kelib tushishini qayd etgandi.