Kembrij universiteti saytida sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish uchun xizmat qiladigan sun’iy yaproq yaratilgani haqidagi xabar paydo bo‘ldi. Unda ta’kidlanishicha, qazilma yoqilg‘i o‘rniga foydalanilishi mumkin bo‘lgan sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqara oladigan va bunda Quyosh nurlari va suvdan foydalangan holda havodagi karbonat angidridni qayta ishlaydigan texnologiya ishlab chiqilgan ekan. Bu haqdagi batafsil ilmiy maqolani Kembrij universiteti kimyo fakulteti professori Ervin Raysner boshchiligidagi ilmiy guruh Nature Materials jurnalida e’lon qilgan.

Foto: Kembrij universiteti

Aytish joizki, tabiatdagi eng muhim fizik-kimyoviy jarayonlardan biri – fotosintez jarayoni aynan shunday ishlaydi va yaproq va barglar, shu tarzda karbonat angidridni yutib, o‘simliklarda Quyosh energiyasini g‘amlaydi. Shunga ko‘ra, mohiyatan Kembrij olimlari sun’iy yaproq yaratgan deyish o‘rinli bo‘ladi. Umuman olganda, Raysner o‘z intervyusida aynan fotosintez jarayonidan ilhomlanganini ta’kidlagan.

Hozirda mavjud shunga o‘xshash texnologiyalardan faqrli o‘laroq, Kembrij olimlari taklif qilayotgan usulda olingan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish jarayoni atmosferaga uglerod oksidlarini chiqarilishini istisno qilishi bilan diqqatga sazovordir.

Sintetik yoqilg‘i olish uchun avval sun’iy yaproqda sintez-gaz olinadi. Hozirda xomashyo sifatidagi sintez-gazga talab farmatsevtika, yoqilg‘i, plastmassa va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish sohalarida mavjud. Sun’iy yaproqda yorug‘likni yutuvchi ikkita plastina mavjud va ushbu plastinalar xuddi yaproqlar singari Quyosh nurlarini tutadi va yutadi. Jarayonda, shuningdek, kobalt elementidan tayyorlangan katalizator ham ishtirok etadi.

Sun’iy yaproq suvga botirilganida, undagi nur yutuvchilardan biri katalizator yordamida kislorod chiqara boshlaydi. Ikkinchi nur yutuvchi esa karbonat angidriddan is gazi va vodorod hosil qiladigan kimyoviy reaksiyani yuzaga keltiradi va jarayonda sintez-gaz ajralib chiqadi.

Bunday sun’iy yaproq nur yutuvchilari Quyoshsiz kunda va hatto yomg‘irli sharoitda ham ishlay olishi da’vo qilinmoqda.

Maqola mualliflaridan biri Virjil Andrey bu haqda “bu demakki, sun’iy yaproqdan faqat Quyoshli issiq o‘lkalarda yoki faqat yoz oylarida foydalanish mumkin degan qarashni yo‘qqa chiqaradi va siz uni istalgan joyda, sahardan shomgacha bo‘lgan vaqtda qo‘llashingiz mumkin”, deb aytgan.

Tadqiqotlar universitetga qarashli Kristian Doppler nomli laboratoriyada olib borilgan va, eng qizig‘i, laboratoriya va umuman ushbu ilmiy tekshirish Avstriyadagi OMV nomli neft-kimyo kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilgan. OMV – qazilma yoqilg‘i o‘rniga sof ekologik sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish biznesini yo‘lga qo‘yishni reja qilgan yirik korporatsiya bo‘lib, yaqin kelajakda qazilma yonilg‘idan foydalanishning kamayishi va xususan atmosferaga tashlanayotgan uglerod oksidlari miqdorini kamaytirish usullari yuzasidan fundamental tadqiqotlarga homiylik qilish orqali bu borada peshqadam biznes boshlamoqchi ekanini firma boshliqlaridan biri Diter Ulrix alohida aytib o‘tgan.

“Sun’iy yaproq” texnologiyasi boshqa institutlar tomonidan avval ham yaratilgan, biroq ularning sun’iy yaprog‘i faqat vodorod ishlab chiqarishga mo‘ljallangan edi. Kembrijdagilar esa nur yutuvchi materiallar va katalizatorning yangi avlodini o‘zaro muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirla olganliklari tufayli sintez-gaz olishga erishilgani aytilmoqda. Yuqori fotoelektrik kuchlanishni hosil qilib bera oladigan nur yutuvchidan tashqari, yangi texnologiyaning novatorlik jihati, aynan kobalt katalizatorini qo‘llanishida namoyon bo‘lgan. Kobalt boshqa metall katalizatorlar, xususan platina va yoki kumushdan ancha arzon bo‘lishi bilan birgalikda, uglerod oksidini ajratish borasida ham ulardan ustun turadi.

Endilikda ilmiy guruh ushbu sintez-gazni arzon sintetik suyuq yoqilg‘iga aylantirish masalasida ish boshlagan. Reysnerning ta’kidlashicha, Quyosh va shamol energetikasi va shunga o‘xshash boshqa muqobil energiya manbalaridan keng foydalanish targ‘ib etilayotgan bir zamonda baribir suyuq yoqilg‘iga talab saqlanib qoladi. Chunki, birinchidan, elektroenergiya hozirda jahon bo‘ylab energiya iste’molining 25 foiz atrofidagi qismini qondirmoqda xolos; qolaversa, og‘ir aviatsiya va kema qatnovlari uchun elektr energiyasini va muqobil energetikani qo‘llab bo‘lmaydi. Ular uchun baribir suyuq yonilg‘i zarur bo‘lib qolaveradi.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.