Tailanddagi General Motors zavodi O‘zbekistonga Chevrolet Trailblazer avtomobillarining birinchi partiyasini yubordi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.

Foto: AutoDeal

“Biz Trailblazer O‘zbekistonda muvaffaqiyatli sotilishini kutmoqdamiz, chunki u yerdagi turli yo‘l sharoitlari ishonchli va mustahkam, shu bilan birga qulay avtomobillarni talab qiladi. Bundan tashqari, Trailblazer Chevrolet’ning O‘zbekistondagi yetakchilik mavqeyini mustahkamlashga yordam beradi va GM Thailand uchun yana bir xalqaro eksport bozorini taqdim etadi”, — deydi GM’ning Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘yicha prezidenti Gektor Vilyarreal.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Amerika kompaniyasi Tailanddagi ishlab chiqarish korxonalari bilan faxrlanadi va O‘zbekiston jahon standartlariga javob beradigan avtomobillarni qabul qilib oladi.

O‘zbekistonga yiliga mingta mazkur modeldagi avtomobil yetkazilishi kutilmoqda. Ular yaqin oylarda sotuvga chiqariladi.

Ta’kidlash kerakki, Tailanddagi GM zavodi ayni vaqtda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaqin Sharq mamlakatlari kabi 16 ta bozorga o‘z avtomobillarini eskport qiladi.

GM Thailand, shuningdek, energiya samaradorligi va ishlab chiqarish jarayonida is gazining atrofga tarqalishi kamligi bo‘yicha Tailandda ISO 50001 sertifikatini olgan ilk kompaniya hisoblanadi.

Avvalroq, GM Uzbekistan premium segmentda Chevrolet Equinox krossoverini, Chevrolet Trailblazer yo‘ltanlamas va Chevrolet Traverse oilaviy krossoverini ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.