AQSh 4-noyabr, dushanba kuni iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan rasman chiqish jarayonini boshladi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi Maykl Pompeo ma’lum qilgan, deya xabar beradi “TASS”.

Foto: AP

“AQSh Parij kelishuvidan chiqish jarayonini boshladi. Kelishuv shartlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bu haqda BMTga rasmiy bildiruv yubordi. Kelishuvdan chiqish bildiruv yuborilganidan bir yil o‘tib amalga oshiriladi”, — deyiladi Pompeoning bayonotida.

Pompeoning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatdagi ishchilar, biznes va soliq to‘lovchilarga shaffof bo‘lmagan iqtisodiy majburiyatlarni yuklovchi ushbu kelishuvdan chiqish qarori haqida 2017-yil 1-iyundayoq ma’lum qilgan.

“AQSh shundoq ham zararli tashlanmalarning barcha turlarini qisqartirdi. Bu ko‘rsatkich 1970-yildan 2018-yilgacha 74 foizga, parnik gazlari tashlanmalari esa 2005-yildan 2017-yilgacha 13 foizga qisqardi”, — deyiladi bayonotda.