20:21, 05.11.2019 // 13993

Erdo‘g‘onning Turkiyadagi reytingi Suriyadagi harbiy operatsiya sabab ko‘tarildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning ommaviyligi Suriya shimoli-sharqida “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasi sabab ko‘tarilgan. Metropoll tadqiqotlar kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma ushbu ma’lumotni tasdiqladi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: The Independent

Harbiy harakatlar boshlanishi e’lon qilganidan keyin Turkiya yetakchisining reytingi 3,7 foiz pog‘onaga ko‘tarilgan va 48 ga yetgan. Bu Erdo‘g‘on 2018-yil iyunida prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyin qayd etilgan reytingdan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich.

So‘rovnomada ishtirok etgan mamlakat aholisining 33,7 foiz qismi Turkiya prezidentining faoliyatini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan, bu 2016-yil iyulda davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinish bo‘lgan vaqtda qayd etilgan reytingdan keyingi eng yomon natija hisoblanadi. Respondentlarning 18 foizi berilgan savollarga javob bermaslikni lozim topgan.

2018-yilda turk lirasining kursi 30 foizga pastlagani va mamlakatda iqtisodiy inqiroz kuzatilgani tufayli Erdo‘g‘onning obro‘si tushib ketgandi. Mamlakatda inflyatsiya o‘sgan va ishsizlar soni ko‘paygandi.

“Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi haqida

9-oktabrda Anqara Suriya shimoli-sharqida Turkiyadagi qochoqlar uchun xavfsiz zona tashkil etish maqsadida “Suriya demokratik kuchlari” kurd jangarilari va IShID terrorchilariga qarshi “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasini boshlagan. Dunyo davlatlari turklarning ushbu harakatlarini qoralagan.

17-oktabrda Anqara va Vashington Suriya shimoli-sharqidagi operatsiyani 120 soatga, kurdlar xavfsiz zona hududidan chiqib ketishi uchun to‘xtatishni kelishib oldi.

22-oktabrda Sochida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turiya davlat rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Suriya hududidagi notinch vaziyatni muhokama qildi va “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasini 23-oktabrdan yana 150 soatga to‘xtatish va o‘t ochmaslik haqidagi shartlashuv muddati yakuniga yetgach hamkorlikda Turkiya—Suriya chegarasida 30 kilometrlik hududni barpo etish uchun qo‘shma patrul tadbirlari o‘tkazish haqida memorandum imzoladi. Memorandumda Bashar Asad hukumatining qo‘shinlari Turkiya bilan chegara hududida 15 ta post o‘rnatishi belgilab qo‘yilgan.

1-noyabrda kurdlarning Turkiya chegarasidan 30 kilometr uzoqlikka chekingani va ular tark etgan hududni Sochida imzolangan memorandumga muvofiq Suriya qo‘shinlari va Rossiya harbiy politsiyasi egallashi ma’lum bo‘ldi. 5-noyabrda Turkiya hamda Rossiya harbiylari Suriya shimolidagi Ayn-al-Arab aholi punktidagi (Kobani) ikkinchi qo‘shma patrul tadbirlarini boshladi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv