Gondurasda yil boshidan buyon 155 nafar odam Denge bezgagi kasalligi asoratlari sabab vafot etdi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.

Foto: La Tribuna

Gonduras sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Roberto Kosensining so‘zlariga ko‘ra, Denge epidemiyasi mamlakatda 43 haftadan beri davom etmoqda. Kasallikka chalinish holati 94 ming nafar mahalliy aholi vakilida kuzatilgan, ularning 18 ming nafari Dengening o‘tkir formasi bilan kasallangan. Vafot etganlarning 53 foizini besh yoshdan to‘qqiz yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi.

Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, Gonduras shifoxonalari Denge bilan kasallanish holatlariga qarshi kurasha olmayapti. Mamlakat hukumati bu oxirgi 50 yil ichida Gondurasda kuzatilgan eng yomon vaziyat ekanligini ta’kidlagan.

Denge — virusli infeksiya bo‘lib, tropik va subtropik hududlarda nisbatan keng tarqalgan. Bemorda yuqori harorat, ko‘ngil aynishi, bosh va bel og‘rig‘i, toshmalar kuzatiladi. Hozirda Denge bezgagiga qarshi vaksina yo‘q.