Samarqand shahri Qorasuv dahasida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda ustachilik qilayotgan besh kishi 4-noyabr, dushanba kuni is gazidan zaharlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov “Daryo”ga ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, 4-noyabrdan 5-noyabrga o‘tar kechasi soat taxminan 23:30 da Samarqand shahar Qorasuv dahasi “Obod maskan” MFY hududida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joy qurilishida ishlayotgan besh nafar usta yotoqxona sifatida foydalanilayotgan xonani isitish maqsadida temir idishda o‘tin cho‘g‘ini xonaga olib kirib uxlagan. Natijada, ular is gazidan zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgan.

Bemorlarga is gazidan o‘tkir zaharlanish tashxisi qo‘yilgan. Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Xorazmda bir oilaning to‘rt a’zosi, Farg‘onada bir oilaning uch a’zosi is gazidan zaharlanib vafot etgani, Samarqandda esa er-xotin is gazidan zaharlanib, biri vafot etgani, ikkinchisi esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgan edi.