Turkiya hukumati IShID sobiq yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning opasi Rasmiya Avad va uning oila a’zolari qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: IBTimes India

65 yoshli Rasmiya Avad 4-noyabr kuni oqshom payti Suriya shimolidagi Aleppo viloyatining Azaz shahrida qo‘lga olindi. Avad tashkilot a’zolari bilan aloqa qilganlikda ayblanmoqda.

Rasmiya Avad
Foto: The National

“Bunday odamlarni topib hibsga olish razvedka uchun oltinga teng harakat. Avad IShID haqida bilgan ma’lumotlar tashkilot haqidagi axborotlarni tahlil qilish va qolgan terrorchilarni ham qo‘lga tushirishda bizga asqotadi”, — deya ta’kidlagan Reuters hamda AP nashrlariga xabar bergan Turkiya hukumati vakili.

Rasmiya Avad bilan birgalikda uning eri, besh nafar farzandi va kelini ham hibsga olingan. Voyaga yetgan farzandlar so‘roq qilingan.

Abu Bakr Al-Bag‘dodiy 27-oktabrda Suriyaning Idlib viloyatida AQSh harbiylarining havodan yo‘llagan hujumi natijasida o‘lgan. AQSh prezidenti Donald Tramp Iroq, Suriya, Amerika, Rossiya, Turkiya va kurdlarga operatsiyadagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan va Bag‘dodiyning o‘limi haqidagi ma’lumotni rasman tasdiqlagan. IShID sobiq rahbarining jasadi qoldiqlari dengizga oqizilishi va tashkilot rahbarligini kelib chiqishi turkman millatiga mansub iroqlik sobiq zobit Abdulla Qardosh egallashi taxmin qilingandi. Keyinchalik IShID vakillari ham rahnamo halok bo‘lganligini tasdiqladi va AQShdan qasos olishni va’da berdi. Bag‘dodiyning o‘rnini Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy egallagan va IShIDga yangi rahbar bo‘lgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.