Turkmanistonda davlat korxonalarida faoliyat olib borayotgan fuqarolarning oylik maoshlari kechikishda davom etmoqda. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar qildi.

Foto: “Kg.utro.net”

Xabarga ko‘ra, Lebob viloyatining Turkmanobod tumanidagi do‘konlarda sotuvchilar xaridorlarga qarzga mahsulot sotishni istamayapti. Iste’molchilar esa maoshlari kechikayotgani tufayli do‘kondagi avvalgi qarzlarini ham to‘lay olmayapti.

Oilalardagi iqtisodiy inqiroz sabab non, un, qand va tuxum arzon bo‘lgan davlat do‘konlarida ushbu mahsulotlarni olish uchun navbatda turishlar ko‘paygan. Ammo avval xabar qilinganidek, aholi ko‘p iste’mol qiladigan ushbu zarur tovarlar hali ham do‘konlarga kam olib kelinmoqda.

Davlat do‘konlarining direktorlari xaridorlar sonini kamaytirish maqsadida maktab o‘quvchilariga mahsulot sotishni taqiqlagan. Ashxobodda sotuvchilar do‘konda navbatda turganlardan har hafta xo‘jalik shirkati tomonidan beriladigan oila tarkibi haqidagi ma’lumotnoma (Forma-3) olib kelishni talab qilmoqda.

“Xo‘jalik shirkatlaridagi barcha ma’lumotnomalar pulli, ularning narxi 2 manatdan 20 manatgacha. Pul yo‘qligi yetmagandek, har hafta ma’lumotnoma sotib olish talab qilinmoqda,” — deydi Kimyogarlar mavzesida yashovchi ayol.

Gagarin mavzesidagi xususiy do‘kon egasi esa xaridorlarning qarzga olgan mahsulotlari va kimning qancha pul berishi kerakligi yozilgan ko‘p varaqli daftarning to‘lib ketgani va savdo uchun ulgurji tarzda mahsulotlar olish uchun pul tushumi yo‘qligini ta’kidlagan.