Andijonda qarzdorlik sabab xonadonni elektr tarmog‘idan uzayotgan MIB xodimi kaltaklandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

MIB matbuot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, MIB Andijon shahar bo‘limi davlat inspektori tomonidan shaharning Birlashgan ko‘chasida yashovchi ayol O.S.ga sentabr oyida iste’mol qilingan elektr energiyasidan bo‘lgan 3 million 835 ming so‘m qarzdorligi uchun talabnoma taqdim etilgan bo‘lib, iste’molchi belgilangan muddatda qarzdorlikni bartaraf etish choralarini ko‘rmagan.

Ushbu iste’molchining 3-oktabr holatiga elektr energiyasidan jami 4 million 527 ming so‘m qarzdorligi yig‘ilib qolgan. Shu sababli, 4-oktabr kuni MIB Andijon shahar bo‘limi davlat inspektorlari O.S.ning yashash xonadonini tarmoqdan uzmoqchi bo‘lganida, uning onasi M.K. davlat inspektorilaridan birini uyidan o‘zi bilan olib chiqqan xoda (yog‘och bo‘lagi) bilan urib, xizmat vazifasini bajarishiga faol qarshilik ko‘rsatgan.

Mazkur holat yuzasidan 5-noyabr kuni Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu moddada eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazosi ko‘zda tutilgan.

Hozirda voqea yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.