Turkiya xavfsizlik xizmati kuchlari Suriyada IShID sobiq yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning xotinini ham qo‘lga tushirgan. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning ma’lumotiga asoslanib “RIA Novosti” xabar berdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on
Foto: Al Arabiya

“Al-Bag‘dodiy tunnel ichida o‘zini-o‘zi portlatgandi. Biz Suriyada Bag‘dodiyning rafiqasini ushladik. Lekin ortiqcha shov-shuv bo‘lmasligi uchun bu haqda ovoza qilmadik. Ushbu ma’lumotni endi oshkor etayapman. Turkiya IShID yetakchisining opasi va pochchasini ham qo‘lga tushirgan”, — deya ta’kidagan Erdo‘g‘on Anqarada so‘zlagan nutqida.

Abu Bakr Al-Bag‘dodiy 27-oktabrda Suriyaning Idlib viloyatida AQSh harbiylarining havodan yo‘llagan hujumi natijasida o‘lgan. AQSh prezidenti Donald Tramp Iroq, Suriya, Amerika, Rossiya, Turkiya va kurdlarga operatsiyadagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan va Bag‘dodiyning o‘limi haqidagi ma’lumotni rasman tasdiqlagan. Tramp Bag‘dodiyning ta’qibdan qochib tunnelga berkingani va u yerda o‘zini-o‘zi portlatganini bildirgan. IShID sobiq rahbarining jasadi qoldiqlari dengizga oqizilishi va tashkilot rahbarligini kelib chiqishi turkman millatiga mansub iroqlik sobiq zobit Abdulla Qardosh egallashi taxmin qilingandi. Pentagon Idlib viloyatida o‘tkazilgan operatsiyaning tafsilotlarini oshkor etgan va videodan parchani e’lon qilgan. Keyinchalik IShID vakillari ham rahnamo halok bo‘lganligini tasdiqladi va AQShdan qasos olishni va’da berdi. IShID terroristik tashkilotida Bag‘dodiyning o‘rnini Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy egallagan. 4-noyabr, yakshanba kuni Suriyaning Aleppo viloyatida Turkiya harbiylari Bag‘dodiyning opasi 65 yoshli Rasmiya Avad va uning oila a’zolarini qo‘lga olgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.