Central Asia’s Got Talent ko‘rsatuvida o‘zbekistonlik nogironligi bo‘lgan qizaloq Iroda O‘rozova ishtirok etdi hamda o‘zi yozgan she’rini o‘qib hakamlarni ta’sirlantirdi.

Foto: YouTube

Surxondaryolik Iroda O‘rozova Toshkent shahrining Qo‘yliq dahasida yashaydi. U 6-sinfda o‘qiydi, she’rlar yozishga qiziqadi.

“Tushgacha maktabda o‘qiyman. Tushdan keyin esa bo‘sh vaqtim bo‘ladi. Aynan shu vaqtda she’r yozaman”, — deydi Iroda.

“Men bu qo‘llarim bilan mustaqil ravishda hamma narsa qila olaman. Kitobni ushlay olaman, she’r yoza olaman. Hayotdagi maqsadim menga barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan ota-onamning ishonchini oqlash. Kelajakda jurnalist bo‘lishni orzu qilaman. Niyatim — Vatanimga xizmat qiladigan farzand bo‘lish”, — deydi Iroda.

Iroda o‘zi yozgan she’rni o‘qib berganida barcha hakamlar unga tasanno aytdi hamda qizchaning keyingi bosqichga o‘tishini ma’lum qildi.