Qozog‘istonning Jambil viloyati Qorday tumanidagi “Toshkent—Olmaota” trassasida 20-aprel shanba kuni 49 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan Van Hool rusumli avtobus ishtirokida yo‘l transport hodisasi ro‘y bergani va buning oqibatida 11 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. “Zakon.kz”ning yozishicha, YTHga uchragan avtobus haydovchisiga nisbatan sud hukmi chiqarilgan.

Foto: “Zakon.kz”

Avtobus haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda Toyota Camry mashinasi bilan to‘qnashib ketgan va oqibatda boshqaruvni yo‘qotib, avtobusning ag‘darilishiga yo‘l qo‘ygan. Fojia oqibatida 11 kishi, jumladan, 8 nafar Qozog‘iston, 3 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi.

Qorday tuman sudining ma’lum qilishicha, haydovchi Qozog‘iston Jinoyat kodeksining “Transport vositasini boshqargan shaxs tomonidan ehtiyotsizlik tufayli 2 nafardan ko‘proq kishining o‘limiga olib kelgan yo‘l harakati qoidabuzarligi” moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Ayblanuvchi o‘z aybini tan olib, pushaymonligini bildirgan. Sud ayblanuvchining chin dildan pushaymonligini, yashash joyidan u haqida ijobiy tavsifnoma olingani, avval sudlanmaganligini hisobga olib, 7 yillik muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan.