Sankt-Peterburgda joriy yilning oxiriga qadar 250 mingga yaqin xorij fuqarolarining ishlashi uchun patent berilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Mehnat va bandlik qo‘mitasining raisi Dmitriy Cherneykoga tayanib, “78.ru” xabar berdi.

Foto: BBC o‘zbek xizmati

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yil bilan solishtirganda deyarli o‘zgarmagan. Muhojirlarning 62 foizini 21—35 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Ularning aksariyati Rossiyaga turmush o‘rtoqlari bilan keladi.

2019-yilda patentlarning 70 foizi (126 ming) O‘zbekiston fuqarolariga berilgan. Ikkinchi o‘rinda tojikistonlik ishchilar — 25 foiz (44 ming). Moldova, Ukrainadan kelgan muhojirlar hisobiga 2 foiz patent to‘g‘ri kelmoqda.

Ta’kidlanishicha, ayrim davlatlarning fuqarolari, xususan, belaruslar Rossiyada qonunan patentsiz ishlay oladi.

Cherneykoning ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilda patentlar ortidan davlatga 7,3 milliard rubl mablag‘ kelib tushgan. Uch yil ichida ushbu mablag‘lar deyarli ikki barobarga oshgan.

Avvalroq 2019-yilda O‘zbekistonning 1 millionga yaqin fuqarosi ishlash uchun Rossiyaga ketgani haqida xabar berilgandi. 2017-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Sankt-Peterburg shahrining o‘zida 1 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilgan.