Seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi Tojikiston—O‘zbekiston chegarasida Tojikiston chegara qo‘shinlarining chegara postiga qurollangan shaxslar tomonidan hujum uyushtirilgan, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.

Foto: Sputnik

Xabarga ko‘ra 20 nafar qurollangan va yuziga niqob taqqan jangarilar Dushanbedan 60 kilometr uzoqlikdagi “Ishqobod” postining “Sultonobod” harbiy otryadiga hujum qilgan.

To‘qnashuv natijasida noma’lum shaxslar chegarchilarning 5 ta avtomatini egallab olgan. Xavfsizlik xodimlari o‘tkazgan tezkor maxsus harbiy operatsiya davomida qurollangan jinoiy guruhning 15 nafar a’zosi o‘ldirilgan va 5 nafar jangari qo‘lga olingan.

Otishmalarda chegara qo‘shinlarining bir nafar askari va bir nafar militsionerning halok bo‘lgani ma’lum qilingan.

Voqea sodir bo‘lgan joyda tezkor tergov guruhi tuzilgan va tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda.