4-noyabr, yakshanba kuni fuqaro A.V. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, 5 yoshli qizi D.K.ni Toshkent shahar Bektemir tumanida joylashgan Compass savdo majmuasida yo‘qotib qo‘yganligi haqida ma’lum qildi. Toshkent shahar prokuraturasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan tezkor-tergov guruhi tuzilib, qizchani topishga qaratilgan tadbirlarga zudlik bilan kirishildi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar prokuraturasi.

Tezkor-tergov guruhi tomonidan A.V. va uning shar’iy nikohdagi eri M.F.ning ko‘rsatmalari shubha ostiga olinib, qidiruv tadbirlariga qaramasdan, farzandi bir kun mobaynida topilmaganligi sababli, u qotillik jinoyati qurboni bo‘lganligi gumoni asosida Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida aniqlanishicha, 25-oktabr kuni kechasi soat 03:00 atrofida er-xotin Sergeli tumanida ijarada yashab kelgan xonadonda spirtli ichimlik iste’mol qilib, farzandini urib, do‘pposlab, qasddan o‘ldirgan.

So‘ngra sodir etilgan jinoyatni yashirish va jazodan qutulish maqsadida murdani yo‘qotish payiga tushgan. Uni yo‘l sumkasiga joylashtirib, shu kuni tongda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi ijaraga olingan dala hovliga olib borgan. Murda o‘choqda yoqilib, so‘ng yonmay qolgan qoldiqlari qopga solinib, Chirchiq daryosiga tashlab yuborilgan.

Shundan keyin ular huquqni muhofaza qiluvchi organlarni chalg‘itish va asl holatni yashirish maqsadida farzandi bedarak yo‘qolib qolganligini sahnalashtirgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish davomida D.K.ning murda suyaklari topilib, ashyoviy dalil tariqasida olingan. Jinoyat ishi bo‘yicha A.V. va M.F. qasddan odam o‘ldirishda gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.