5-noyabr kuni Toshkent shahar hokimligida Rossiya federatsiyasi Vologda viloyatidan tashrif buyurgan tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Uchrashuvda hokim o‘rinbosari Sharof Rahmonov Vologda viloyati gubernatorining o‘rinbosari Vitaliy Tushinov ikki tomonlama munosabatlar va o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama etdi.

O‘zaro muloqot davomida Sharof Rahmonov Toshkent shahar hokimligi bilan Rossiya federatsiyasining viloyat va shaharlari o‘rtasida hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Avval o‘zaro aloqalar neft, gaz va telekommunikatsiya sohalarida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, hozirda hamkorlik ko‘lami kengayganligini qo‘shimcha qildi. Xususan, Vologda viloyati bilan o‘zaro tovar aylanmasi 100 million AQSh dollari miqdorida ekanligini qayd etib, bu ko‘rsatkichni kamida besh barobar ko‘paytirishga imkoniyat hamda sharoit yetarli ekanligini aytib o‘tdi. Shuningdek, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qator takliflarini bildirdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Vologda viloyati gubernatori o‘rinbosari Vitaliy Tushinov Toshkentdagi o‘zgarish va yangilanishlarni e’tirof etib o‘tdi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy, sanoat va qurilish yo‘nalishidagi hamkorlik bo‘yicha mulohazalarini bayon etdi. Qurilishda yog‘ochli binolarni barpo qilish taklifini bildirdi. Shuningdek, taxtani qayta ishlash, qandolatchilik, ekologik toza kiyimlar ishlab chiqarish hamda baliqchilik bo‘yicha o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish ikki tomon uchun ham ahamiyatli ekanligini ma’lum qildi.

Uchrashuvda ishtirok etgan ikki tomonning tadbirkorlari ham o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish borasida fikr almashdi.