Abdulloh qayerda? Andijonda viloyat IIBga chaqirilgan 20 yashar yigit haligacha uyiga qaytib kelmagan. Otasining so‘zlariga ko‘ra, yigit o‘z boshqaruvidagi Lacetti’da, taxminlarga ko‘ra, viloyat IIBning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Qahramon Ergashev boshqaruvidagi Nexia bilan to‘qnashib ketgan. Nexia’ni ustaxonaga olib borishgan, nima xarajati bo‘lsa, qoplab berilishini aytishgan, shu orada mashinani videoga ham olishgan. Taxminlarga ko‘ra, aynan shu harakat alal-oqibat yigitning olib ketilishiga sabab bo‘lgan. Bu 26-oktabrda bo‘lgan voqea. Oila shundan beri farzandini ko‘rmagan, Andijondagi IIB xodimlari esa: “Yigit Rossiyada ishlab yurganida Prezidentning oilasini so‘kib qo‘ygan ekan, shunga Toshkentga olib ketilgan”, degan.

Abdulloh Tohirov.
Foto: “Gazeta.uz”

Xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov YTH oqibatida halok bo‘ldi. Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, voqea 6-noyabr kuni soat taxminan 23:55 da “Urganch—Xiva” yo‘lining 4-kilometrida yuz bergan — fuqaro S.U. o‘zi ishlab kelayotgan korxonaga (qaysi korxona?) tegishli “Gazel”da jurnalistni urib yuborgan. Davlatnazar Ro‘zmetov o‘tgan yili paxta terimiga bag‘ishlangan hokimlik yig‘ilishini suratga olmoqchi bo‘lganida qo‘lga olinib, yetti sutkaga qamalgan edi. Umuman olganda, u Xorazmdagi amaldorlarning doimiy va asosli tanqidchisi sifatida tanilgan edi.

O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab tomiga kamera o‘rnatilgan Captiva aylanib yuribdi. Uni ko‘rgan haydovchilar: “Omon bo‘lgur yo‘l nazoratchilari haydovchilarga jarima solish uchun radarning mutlaqo yangisini chiqaribdi-ku”, deb o‘ylayapti. Aslida bu radar emas, bor-yo‘g‘i kamera va u yonidan o‘tayotgan mashinalarning tezligini o‘lchamaydi. “Yandeks” kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, bu Captiva “Yandeks.Xarita” loyihasining tarkibiy qismi hisoblangan “Yandeks.Panorama” uchun O‘zbekiston shaharlarining 360 darajali panorama suratlarini tushirib yuribdi.

“O‘zdonmahsulot” buxanka narxining oshgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Lekin buni so‘nggi 20 kun ichida narxi ikki marta oshgan, Qoraqalpog‘iston va Surxondaryo tomonlarda 2—2,5 ming so‘mga chiqib ketgan mahsulot uchun tayinli munosabat deb bo‘lmaydi — kompaniya buxankani 1400—1500 so‘mdan yetkazib berayotganini aytgan, lekin joylarda narx nega yuqoriligini tushuntirmagan. Eng qizig‘i, kompaniya keyinroq bu munosabatini o‘chirib tashladi.

Farg‘onaga Euronews yoki Reuters jar solganichalik jiddiy xavf yo‘q, deyapti O‘zbekiston Ekologiya qo‘mitasi. Aytishlaricha, radioaktiv fonni kuzatish bo‘yicha 40 dan ortiq punkt tashkil etilgan, Shohimardon, Moylisoy, Sumsar (Rezaksoy) daryolarida esa muntazam monitoring olib borilmoqda, ayni vaqtda radiatsiya darajasi ruxsat etilgan miqdorda.

Tunov kuni sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abduhakim Xajibayevning: Shifokorlarning maoshini oshirishga hojat yo‘q, degan gapi ijtimoiy tarmoqlarda aylanib ketgandi. Vazirlikdan ma’lum qilishlaricha, bu kontekstdan yulib olingan gap — aslida vazir o‘rinbosari shifokorlarning hozirgidan-da ko‘proq moddiy rag‘batlantirilishi tarafdori.

O‘zbekistonda yana nima yangiliklar? Svetlana Ortiqova yana Nig‘matilla Yo‘ldoshevga o‘rinbosar bo‘ldi. Kattaqo‘rg‘onda O‘zbekistondagi eng katta harbiy poligon foydalanishga topshirildi. Toshkentda katta tezlikda kelayotgan Matiz 64 yoshli ayolni urib, uchirib yubordi (dahshat! Yuragi bo‘shlar videosini ko‘rmagani ma’qul). Farg‘onada bundan 25 yil avval Prezidentga “maoshimizni oshiring!” deb yozib, qamalib ketgan o‘qituvchi oqlandi — aytishlaricha, prokuror undan kechirim so‘rabdi. Mehnat vazirligi hududlarda paxta terimiga majburan jalb etish holatlarini aniqladi (majburiy mehnat balosidan to‘liq qutulib ulgurmadik hali). Surxondaryoda esa Bandixon tumani qayta tashkil etiladi — xuddi Toshkent viloyatida Toshkent tumani, Qoraqalpog‘istonda Bo‘zatov tumani qayta tashkil etilganidek.

Jahonda nima gap? Tojikiston—O‘zbekiston chegarasidagi postga hujum qilgan IShID jangarilarining bari Tojikiston fuqarolari bo‘lgan. AQSh Davlat departamentidagi vallomatlarning aytishicha, al-Bag‘dodiyning o‘rniga o‘zini “xalifa” deb e’lon qilgan kas ham yo‘q qilinadi (undan ko‘ra IShIDni yo‘q qila qolinglar, deydigan mard yo‘q). Erdo‘g‘on ham jim turgani yo‘q — kecha al-Bag‘dodiynin bevasini qo‘lga tushirilganini aytgandi, bugun esa bolasi qo‘lga olinganini bildirdi. Burkina-Fasoda oltin koni ishchilariga qilingan hujum oqibatida 37 kishi halok bo‘ldi. Buyog‘iga xorijdagi o‘zbekistonliklar haqida: o‘zbekistonlik fohishalar Turkiyadan deportatsiya qilindi, Astraxanda 36 yoshli ayolni zo‘rlagan o‘zbekistonlik qamaldi, Krasnodarda YTHda jabrlangan bemor O‘zbekistonga olib kelindi — uni hech bir reys O‘zbekistonga yetkazishni xohlamagandi.

Bundan tashqari, fotomuxbirimiz Madina Nurman Toshkent metropolitenidan tayyorlagan fotoreportajni tomosha qilishni, shuningdek, “Daryo”ning Sport bo‘limi vakillari jahonga mashhur darvozabon David De Xea haqida tayyorlagan maqolani o‘qishni ham qat’iy tavsiya qilib qolamiz.