Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘anining administratsiyasi ishlab chiqqan “Tolibon” harakati bilan tinchlik kelishuvi afg‘on jamiyati tomonidan jiddiy qabul qilinmayapti. Ijro hokimiyati rahbari Abdulla Abdulla ushbu hujjat loyihasini tanqid qildi. Bu haqda “Afghanistan.ru” xabar berdi.

Foto: Edaily

Afg‘oniston bosh vaziri “Tolibon” va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar to‘xtagan vaqtda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yo‘l xaritasini jiddiy hujjat deb hisoblash mushkul ekanligini ta’kidladi.

“Yo‘l xaritasi” loyihasida Afg‘oniston hukumati hamda “Tolibon” harakati o‘rtasida ikki tomonlama kelishuv asosida hududda tinchlik o‘rnatish uchun muzokaralar olib borish ko‘zda tutilgan.

“Ushbu yettita banddan iborat yo‘l xaritasini loyiha deyish ham qiyin, buni orzu-niyatlar ro‘yxati desa to‘g‘riroq bo‘lsa kerak”, – deya ta’kidlagan Abdulla Abdulla.

Shuningdek, bosh vazir Afg‘oniston hukumati vakillari ham “Tolibon” harakati bilan muzokaralarda saylovlar natijasidan qat’i nazar ishtirok etishi zarurligiga urg‘u berdi.

Afg‘onistonda prezidentlik saylovlari 28-sentabrda o‘tkazilgan. Ovoz berish jarayonlari “Tolibon” harakatining saylovlarni buzishga urinish haqidagi bayonotidan so‘ng xavfsizlik choralari kuchaytirilgan vaziyatda o‘tdi. Biroq saylovlar oldidan va saylovlar o‘tkaziladigan sanada mamlakat bo‘ylab teraktlar, portlashlar, kuzatuvchilarning o‘g‘irlab ketilishi holatlari kuzatilgan. Saylovlarda jami 15 nafar prezidentlikka nomzod ishtirok etdi, kurash uch asosiy siyosiy guruh o‘rtasida kechdi: amaldagi prezident Muhammad Ashraf G‘ani, amaldagi bosh vazir Abdulla Abdulla hamda muxolifat, ya’ni sobiq prezident Hamid Karzay guruhi. Saylovlardan keyin dastlabki natijalarining e’lon qilinishi kechikishi va ikkinchi tur o‘tkazilishi taxmin qilindi, keyinroq Afg‘oniston Mustaqil saylov komissiyasi raisi ovoz berish natijalarini e’lon qilish kechikkani uchun uzr so‘radi. Prezidentlik saylovlarining dastlabki natijalari 14-noyabrda yoki undan keyin e’lon qilinadi.