2-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Abdulloh qayerda?” sarlavhasi ostidagi post tarqaldi. Unda Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yashovchi fuqaro Dilmurod Tohirovning 20 yashar o‘g‘li Abdullohni IIB xodimlari olib ketib, bir haftadan buyon daragini bermayotganiga oid fikrlar bayon etilgan. “Kun.uz” nashri mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida yo‘qolib qolgan yigitning otasi, oila yollagan advokat va viloyat IIB rasmiysi bilan suhbatlashgan.

Foto: “Kun.uz”

Tahririyatga kelgan andijonlik Dilmurod Tohirovning aytishicha, o‘g‘li Abdulloh Tohirovni oila a’zolari 26-oktabrdan buyon ko‘rishmagan. Hatto farzandining ayni paytdagi ahvoli va qayerdaligi ham ularga oshkor etilmayapti. Bu esa qarindosh-urug‘lar, mahalla-ko‘yni vahimaga solgan.

“Jalaquduq tumanining Yuqori chigitr mahallasida yashaymiz. Dehqonchilik bilan shug‘ullanib, tirikchilik qilamiz. O‘g‘lim Abdulloh bu yil 20 yoshga to‘ldi. 2018-yil noyabrida mahalladagi tanish-bilishlar bilan birga Rossiyaga ishlagani ketib, shu yil may oyida qaytib keldi. Shu kungacha o‘g‘limning ortidan biror yomon gap eshitmaganman. Uning xatti-harakati hamisha nazoratimda bo‘lgan. 26-oktabr kuni ertalab soat chamasi 07:00 larda o‘g‘lim Qo‘rg‘ontepa hududida Andijon—Qo‘rg‘ontepa yo‘nalishidagi katta ko‘chada yo‘l-transport hodisasi sodir etadi. U qarindoshimizning Lacetti rusumli avtomobilini ishonchnoma asosida boshqarib yurgandi. Hodisa yuz bergach, Abdulloh tog‘asi Islombekka telefon qilib, yuz bergan hodisa haqida ma’lum qiladi. Ko‘ngilsiz voqea sodir etilishida o‘g‘lim aybdorligi bois tog‘asi Islombek Nexia-2’ga yetkazilgan zararni qoplab, shikastlangan joylarini ta’mirlatib berishini aytadi”, — deydi Abdullohning otasi.

Dilmurod Tohirov Bog‘ishamol dahasidagi eski mashina bozorga yaqin joydagi ustaxonada Nexia-2’ning orqa bagaji ochiqligi uchun uning ichiga ham bir nazar solgan va u yerda VSF kategoriyadagi davlat raqam belgisi borligiga ko‘zi tushgan.

Birozdan so‘ng Dilmurod Tohirovning ukasi Elmurod qo‘ng‘iroq qilib, “Jalaquduq tuman IIBdagilar o‘g‘lingni olib borishimizni so‘rashyapti”, degan. Kechki soat 18:00 da Abdulloh tuman ichki ishlar bo‘limi tomon otlangan. Yo‘lda ularga Farrux Yusupov ismli organ xodimi aloqaga chiqib, uning hamrohligida viloyat IIBga borishlari kerakligini aytgan. Uchalasi Islombekning avtomobilida Andijon shahriga ketishadi.

IIBda Abdullohning kamerali telefonini tezda uydan olib kelish shartligi aytilgan. “Kechqurun soat 23:30da ayolim ikkimizning ortimizdan 3—4 nafar organ vakillari uyimizga kelib, tintuv o‘tkazishdi. O‘g‘limning telefoni va uning ajralib ketgan qismlarini, unga qo‘shimcha ravishda kichkina kompyuterimiz va fleshkani ham o‘zlari bilan olib ketishdi. Shu vaqtda qaynukam mashina ustasiga telefon qilib, mashina Andijon viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Qahramon Ergashevniki ekanligidan boxabar bo‘ldik”, — deydi Dilmurod Tohirov.

Qahramon Ergashev bilan telefonda bir necha marta gaplashib turdik. Undan Abdulloh qayerdaligini so‘rasak, “Buning avtohalokatga aloqasi yo‘q. Toshkentdan buyruq bo‘lgan va Toshkentga olib ketildi. O‘g‘lingiz Rossiyadaligida ‘nozik odamlar’ni so‘kib yozgan internetda. Unga ko‘pi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi beriladi. Vahima qilmanglar, bugun chiqarvorishsa kerak”, degan fikrlarni bildirdi.

29-oktabr kuni Dilmurod Tohirov Qahramon Ergashev bilan Andijon shahridagi kafelardan birining oldidagi ko‘chada uchrashgan.

“Abdulloh 15 kunga qamaldi, qaror chiqarilgan, Toshkentdagilar bilan gaplashib turibman. Sizlarga yana xabar beriladi”, degan. Qamalishining sababini so‘rashganida, Islombekning qulog‘iga past ovozda “yuqori lavozimli amaldorlardan birini so‘kibdi”, deya javob qaytargan. Shunday buyon Abdulloh haqida biror ma’lumot yo‘q.

Abdulloh Tohirov 15 sutkalik jazoni o‘tayotgani to‘g‘risidagi xabarni tekshirish uchun Qo‘rg‘ontepa tumani va Andijon shahridagi vaqtinchalik saqlash izolyatoriga murojaat qilgan, biroq ular bunday shaxs ushbu muassasalarga olib kelinmaganini ta’kidlagan.

Jalaquduq tumani IIB va prokuraturasi ham Abdulloh Tohirovga nisbatan ish ochilmaganini bildirgan. Keyin Toshkentga qaytib kelib, Prezident virtual qabulxonasi, Bosh prokuratura, IIV va DXX rahbarlari nomiga telegramma yuborilgan, ariza ham yozilgan.

Surishtiruv davomida Andijon viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Qahramon Ergashev bilan telefon orqali bog‘lanilgan. U “Hech qanaqa holatlar (yo‘l transport hodisasi - tahr.) bo‘lmagan. Mashinam o‘zimda, haydab yuribman. Qandaydir tushunmovchiliklar bo‘lyapti, telefonlar masalasi bo‘yicha arzimagan bir-ikkita narsa bor. Yaqinda oydinlik kiritamiz”, — deya javob qaytargan.