AQSh davlat departamenti IShID terrorchilik tashkilotining yetakchisi Abu Bakr Al-Bag‘dodiyning o‘rnini egallagan yangi rahnamo ham tez orada yo‘q qilinishini ma’lum qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Getty Images

“Agar u Iroq yoki Suriyada bo‘lsa, uning hayoti uzoq davom etmaydi”, — deya ta’kidlagan departamentning yuqori lavozimdagi vakili.

Shuningdek, department rasmiysi IShIDning yangi yetakchisining kelib chiqishi haqida ma’lumotlar yo‘qligi va uning hozircha “janob hech kim” ekanligini qayd etdi.

“Biz yangi rahbar haqida kam ma’lumotga egamiz. Ammo biz bilgan ma’lumotlar jurnalistlar diktofonga yozib oladigan axborotlar darajasida ham emas. O‘zimizdagi ma’lumotlardan o‘zimiz ham qoniqmayapmiz”, — deydi davlat departamenti vakili.

Abu Bakr Al-Bag‘dodiy 27-oktabrda Suriyaning Idlib viloyatida AQSh harbiylarining havodan yo‘llagan hujumi natijasida o‘lgan. AQSh prezidenti Donald Tramp Iroq, Suriya, Amerika, Rossiya, Turkiya va kurdlarga operatsiyadagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan va Bag‘dodiyning o‘limi haqidagi ma’lumotni rasman tasdiqlagan. IShID sobiq rahbarining jasadi qoldiqlari dengizga oqizilishi va tashkilot rahbarligini kelib chiqishi turkman millatiga mansub iroqlik sobiq zobit Abdulla Qardosh egallashi taxmin qilingandi. Keyinchalik IShID vakillari ham rahnamo halok bo‘lganligini tasdiqladi va AQShdan qasos olishni va’da berdi. IShID terroristik tashkilotida Bag‘dodiyning o‘rnini Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy egallagan. 4-noyabr, yakshanba kuni Suriyaning Aleppo viloyatida Turkiya harbiylari Bag‘dodiyning opasi 65 yoshli Rasmiya Avad va uning oila a’zolarini qo‘lga olgan. Keyinchalik Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Bag‘dodiyning xotini ham Suriyada ushlanganini ta’kidladi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.