Havaskor boks bo‘yicha Osiyo va Jahon Chempioni Bahodir Jalolov Sputnik O‘zbekiston nashriga intervyu berdi. O‘zbekistonlik bokschi hayoti, erishgan muvaffaqiyatlari va kelgusi rejalari haqida so‘z yuritdi.

— Bahodir, siz uchun bugungi kunda nima muhimroq — Tokiodagi Olimpiada o‘yinlarida qatnashish uchun saralash bosqichidan o‘tish va ishtirok etish yoki navbatdagi professional jangmi?

— Hozir men uchun birinchi maqsad  Olimpiya o‘yinlari. Olimpiya o‘yinlarida g‘olib chiqsam, keyin professionalga to‘liq o‘tish niyatim bor. Hozircha kamar haqida umuman o‘ylamayapman. Bor fikrim Olimpiada bilan band.

— Professional ringdagi keyingi jangiz qachon bo‘ladi va raqibingiz kim bo‘ladi?

— Hozir havaskor boksdaman. Fevral oyida Xitoyda Olimpiadaga yo‘llanma beradigan musobaqa bo‘lib o‘tadi Osiyo-Okeaniya turniri. O‘sha musobaqada qatnashaman, kim bilan tushishim hozircha aniq emas: qozog‘istonlik, koreyalik, eronlik bokschilar bor. O‘sha bokschilar bilan tushaman, deb o‘ylayman.

Foto: Sputnik

— Rio shahridagi olimpiya o‘yinlarida siz O‘zbekiston jamoasi bayroqdori bo‘lgan edingiz. Stadionda bayroq bilan o‘tgan paytingizdagi  his-tuyg‘ularingiz esingizdami?

— Nima desam bo‘ladi? Jamoa sardori bo‘lgandan keyin, mas’uliyat juda ham og‘ir bo‘ladi. O‘shanda, Olimpiada payti 21 yoshda bo‘lganman. Juda yosh edim. Juda xursand bo‘lganman, cheksiz faxrlanganman O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib chiqqanimga. Ya’ni O‘zbekiston bayroqdori vazifasini menga ishonib topshirganlari uchun. Lekin ishonchlarini oqlay olmaganman. Xudo xohlasa, va’da beraman, xalqimizni ishonchni oqlab, Olimpiada o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekistonga yorug‘ yuz bilan qaytaman.

— O‘zingizni vatanparvar deb bilasizmi, yoshlarga o‘rnak bo‘lishni xohlaysizmi?

— Bu maqtanish emas, lekin agar yoshlarimiz bizlardan o‘zlariga nimadir olayotgan bo‘lsa, biz, sportchilarni ko‘rib o‘zlariga ozgina bo‘lsa ham motivatsiya olayotgan bo‘lsa men juda ham xursandman. Lekin men bu uchun hali hech narsa qilmadim. Vatanim uchun amalga oshiradigan ishlarim ko‘p. Deylik, Osiyo, Jahon chempionati, Olimpiada kurashlari, ko‘plab musobaqalar bor oldinda. O‘shalarda g‘alabani qo‘lga kiritsam, ozgina bo‘lsada vatan uchun nimadir qilgan bo‘laman.

Foto: Sputnik

— Jahon Chempionatida mag‘lub bo‘lgan raqibingiz holidan xabar olish maqsadida uning oldiga tashrif buyurishingiz internetda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi, aytingchi, bu sizning fikringiz bo‘lganmi yoki tashkilotchilarni?  

— Ochig‘i, bu haqda hayoldan o‘tkazganman, ammo maxsus video suratga olib, uni chiqarish rejada yo‘q edi. Aytmoqchimanki, bu ish oldindan rejalashtirilmagan. Men bilan birga borgan o‘rtog‘im ortimda turib shu videoni olgan ekan. Keyin ustozim ko‘rib qolib, ijtimoiy tarmoqqa qo‘yinglar, deya maslahat berdi. Shu bilan video mashhur bo‘lib ketdi. Agar bu boshqa sportchilarga o‘rnak bo‘lgan bo‘lsa, men juda ham xursandman.

— Boks — bu agressiv sport turi hisoblanadi, siz kundalik hayotda qandaysiz? Film ko‘rib yig‘lashingizmi yoki kichik mushuk bolasini ko‘rganizda qanday hissiyotlarni tuyasiz?

— To‘g‘ri, hayotda juda jahldor insonman. Jahlim tez. Men buni yashirmayman. Oilada bitta o‘g‘ilman. Singillarim hatto mendan juda qo‘rqishadi. Qarab o‘tirmayman, qattiq gapirib yuborishim mumkin. Shuning uchun ham o‘ylanaman, qanaqa qilib uylanarkanman deb (kuladi). Lekin ota-ona haqidagi filmlarni ko‘rsam, yoki ayol kishini hayotda qiynalib qolganini ko‘rsam, yig‘lavorgim keladi. Ko‘pincha kechki payt ko‘chada bo‘lganimda qizlarning ofitsiantlik qilib yurganini ko‘rsam chidolmayman, ichimdan ezilaman, ularga rahmim keladi.

Foto: Sputnik

— Jahon Chempionatidagi muvaffaqiyatiningiz keng nishonlandi va davlat tomonida sizga uy sovg‘a qilishishgandi, shu uyga ko‘chib o‘tdingizmi?

— Hali remont qilmadim, chunki tadbirlardan bo‘shaganim yo‘q. Xudo xohlasa, endi remont qilib, keyin xalqqa osh beramiz. Uy to‘y qilamiz, nasib qilsa.

— Siz uchun nima ko‘proq faxrli — Olimpiya o‘ynlarida chempionlik yoki mutlaq professional g‘olib bokschi?

— Olimpiada, yuqorida aytganimdek, hammaning orzusi. Lekin professional boksda “Doktor jelezniy kulak” laqabiga ega Klichkodek yoki “temir” Mayk Taysondek bokschi bo‘lganga yetmaydi, deb o‘ylayman, to‘g‘risi. Professionalda yengilmas bo‘lsangiz, Olimpiada ham esdan chiqib ketadi (kuladi).

Foto: Sputnik

— Raqiblaringiz siz va boks maktabingiz haqida hurmat bilan gapirishadi. Boshqa davlatlardan jahon sportidan do‘stlaringiz bormi? Yoki birinchi navbatda siz hammani raqib deb bilasizmi?  

— Albatta, do‘stlarim ko‘p. Koreyadan yaqin do‘stim bor Hon Kyu Osiyo chempioni bo‘ldi. Taylanddan do‘stlarimiz bor. Rossiyadan ham do‘stim bor professional bokschi Dmitriy Bivol, jahon chempioni. Sergey Kuzmin bor. Meni professionaldagi murabbiyim ham rossiyalik Gennadiy Mashyanov. U meni Jahon Chempionatidan oldin ikki oy shug‘ullantirgan va undan ko‘p narsani o‘rgandim. Gennadiy Yurevich juda aqlli murabbiy.

Do‘stlarim orasida biri kichik vaznda, biri og‘ir vaznda. Shu bois ular bilan ringda uchrashib qolish ehtimoli hatto yo‘q.

— Shubhasiz, sport hayotingizning katta qismini egallaydi. Oila, bolalar haqidagi fikrlar haqida o‘rtoqlashsangiz?

— Albatta, shunday hayollar kelib turadi. Niyatda bu. Xudo xohlasa, Olimpiada o‘yinlarida oltin medal olib, keyin uylanaman, deb niyat qilganman. Inshoolloh shu kunlarga yetkazsin.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!