Burkina-Faso sharqida Kanadaning oltin qazib oluvchi Semafo kompaniyasi ishchilari kolonnasiga 6-noyabrda uyushtirilgan qurolli hujum natijasida 37 nafar odam halok bo‘ldi va 60 nafar ishchi turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Bu haqda “Regnum” xabar berdi.

Foto: Twitter

Xabarga ko‘ra, hujum Boungou shaxtasidan 40 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. 37 nafar qurbonning tinch aholi vakillari bo‘lgani va ularni qo‘riqlagan xavfsizlik xodimlari talafot ko‘rmagani aytilgan. Hukumat vakillari hujum tafsilotlari aniqlashtirilayotgani va halok bo‘lganlar soni ko‘payishi mumkinligini bildirgan.

Foto: Twitter

Qo‘poruvchilar uyali aloqa ishlamaydigan hududda birinchi avtobusni portlatgan. Portlashdan so‘ng jinoyatchilar nafaqat kolonnani qo‘riqlayotgan harbiylarga, balki avtobuslardagi ishchilarga ham o‘q uzgan.

Avval Afrika qit’asidagi boshqa bir mamlakat — Malida chegara postiga uyushtirilgan hujum natijasida 50 nafardan ortiq odamning halok bo‘lgani va IShID terrorchilari ushbu hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani xabar qilingan edi.