20:23, 07.11.2019 // 26449

Erdo‘g‘on Al-Bag‘dodiyning bolasi ham qo‘lga olinganini xabar qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on xavfsizlik xizmati xodimlari IShID sobiq yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning farzandini ham qo‘lga tushirganini ma’lum qildi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.

Foto: The Frontier Post

“Bola DNK tekshiruvidan o‘tkazildi va uning al-Bag‘dodiyning farzandi ekanligi tasdiqlandi. IShID sobiq yetakchisining qarindoshlari Turkiyadagi deportatsiya markazida bo‘lib turibdi. Adliya vazirligi ularga aloqador ishlar bo‘yicha qonun doirasida kerakli chora-tadbirlarni amalga oshiradi”, — deya ta’kidlagan Erdo‘g‘on. Biroq Turkiya davlat rahbari bolaning jinsi haqida ma’lumot bermagan.

6-noyabr kuni Turkiya prezidenti al-Bag‘dodiyning opasi va uning oila a’zolari hibsga olinganini tasdiqlagan va IShID rahnamosining xotini ham Suriyada qo‘lga tushirilganini e’lon qilgandi.

Abu Bakr al-Bag‘dodiy 27-oktabrda Suriyaning Idlib viloyatida AQSh harbiylarining havodan yo‘llagan hujumi natijasida o‘lgan. AQSh prezidenti Donald Tramp Iroq, Suriya, Amerika, Rossiya, Turkiya va kurdlarga operatsiyadagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan va Bag‘dodiyning o‘limi haqidagi ma’lumotni rasman tasdiqlagan. IShID sobiq rahbarining jasadi qoldiqlari dengizga oqizilishi va tashkilot rahbarligini kelib chiqishi turkman millatiga mansub iroqlik sobiq zobit Abdulla Qardosh egallashi taxmin qilingandi. Keyinchalik IShID vakillari ham rahnamo halok bo‘lganligini tasdiqladi va AQShdan qasos olishni va’da berdi. IShID terroristik tashkilotida Bag‘dodiyning o‘rnini Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy egallagan. 4-noyabr, yakshanba kuni Suriyaning Aleppo viloyatida Turkiya harbiylari Bag‘dodiyning opasi 65 yoshli Rasmiya Avad va uning oila a’zolarini qo‘lga olgan. 7-noyabrda AQSh davlat departamenti IShID terrorchilik tashkilotining yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning o‘rnini egallagan yangi rahnamo ham tez orada yo‘q qilinishini ma’lum qildi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Eng ko‘p o‘qilgan

Qidiruv