Amerikalik aktyor Kristian Beyl rejissor Jeyms Mengoldning “Ford Ferrariga qarshi” filmida britaniyalik avtopoygachi Ken Maylz rolini ijro etish uchun 18 kilogramm vazn tashladi. Bu haqda “Izvestiya” xabar berdi.

Foto: Times of India

“Poyga avtomobili har tomonlama qulay bo‘lishi uchun ishlab chiqilmaydi, u juda ixcham. Avtomobilga sig‘ishim qiyin bo‘lmoqda”, — deydi Beyl.

Aktyor o‘zi ijro etadigan personaj haqida gapirganda qahramonining obraziga kirish va uning hayot tarzini tushunish qiyinchilik tug‘dirmaganligini qayd etdi.

Beylning so‘zlariga ko‘ra Maylz hayotdan zavq olib yashagan va o‘zi qilayotgan ishga muhabbat bilan yondashgan.

“Ford Ferrariga qarshi” filmining jahon premyerasi 2019-yil 13-noyabr kuni o‘tkaziladi.

Kristian Beyl “Betmen: Ibtido”, “Qora ritsar” va “Qora ritsar: afsonaning qayta tug‘ilishi”, “Nufuz” filmlari orqali mashhur bo‘lgan. Aktyor avval “Mashinist” filmida suratga tushish uchun 28, “Qutqarilish tongi” da 24, “Hukumat” filmi uchun esa 30 kilogramm vazn tashlagan. Ushbu aktyorni rol uchun vazn tashlashda ustasi farang deyish mumkin.